Netflix’gacha bo‘lgan yo‘l: qarshilik yigit qanday qilib yirik IT kompaniyalaridan biriga ishga kirdi

31-iyul 2026 14:00 eʼlon qilindi

Lobar Turayeva

Lobar Turayeva

Muxbir l.turayeva@kursiv.media
Netflix’gacha bo‘lgan yo‘l: qarshilik yigit qanday qilib yirik IT kompaniyalaridan biriga ishga kirdi
Foto: Tohir Saidovning shaxsiy arxividan

Dunyoning eng nufuzli texnologik kompaniyalarida ishlash ko‘pchilik dasturchilar uchun orzu hisoblanadi. Bunday kompaniyalarga kirish esa nafaqat kuchli bilim, balki yillar davomida to‘plangan tajriba, qat’iyat va to‘g‘ri tayyorgarlikni ham talab qiladi.

Qarshida tug‘ilib o‘sgan Tohir Saidovning yo‘li ham aynan shunday kechdi. Oddiy qiziqishdan boshlangan dasturlashga mehr uni avval xalqaro autsorsing kompaniyalariga, keyinchalik OLX Group va Atlassianga, oxir-oqibat esa Netflix’ga olib keldi. Bu yo‘l davomida u ko‘plab muvaffaqiyatsizliklar, murakkab suhbatlar va yangi davlatga moslashish kabi sinovlarni boshdan kechirdi.

Ushbu maqolada siz quyidagilarni bilib olishingiz mumkin:

Kompyuterga qiziqish bolalikdan boshlangan

Bo‘lajak dasturchi 2003-yilda Qarshi shahrida tug‘ilgan. Uyida kompyuter bo‘lgani sababli bolaligidan texnologiyalar bilan yaqin ulg‘aydi. Dastlab kompyuter o‘yinlari unga qiziq tuyulgan bo‘lsa, vaqt o‘tishi bilan o‘yinlardan ko‘ra ularning qanday ishlashi, qanday yaratilgani ko‘proq qiziqtira boshladi.

Bu qiziqish ayniqsa maktabning 6–7-sinflarida kuchaydi. Akasining dasturlash bilan shug‘ullanishi ham unga katta turtki berdi. Dastlab Wix va WordPress platformalarida oddiy saytlar yaratishni o‘rgandi. Keyinchalik YouTube orqali JavaScript va React bo‘yicha bepul kurslarni tomosha qilib, dasturlashni mustaqil ravishda o‘zlashtira boshladi.

Aynan React bo‘yicha 110 darsdan iborat kurs uning fikrlash uslubini shakllantirdi va keyinchalik birinchi ishini topishiga zamin yaratdi.

Dasturlashni o‘rganish oson bo‘lmagan

Dasturlashni endigina boshlagan davrda deyarli har bir vazifa katta sinovga aylangan. Oddiy xatolarni topish uchun soatlab vaqt sarflashga to‘g‘ri kelgan.

O‘sha paytda sun’iy intellekt yordamchilari mavjud emas edi. Muammolar yechimini internet forumlari va turli manbalardan izlashga to‘g‘ri kelgan. Ko‘pincha topilgan javoblar ham aynan kerakli holatga mos kelmagan. Shu bois eng katta yordam sabr va muntazam amaliyot bo‘lgan.

Faoliyatining boshida u ko‘plab yangi dasturchilar kabi impostor sindromini ham boshdan kechirgan. Tajribali mutaxassislar bilan o‘zini taqqoslash unga bosim qilgan bo‘lsa-da, keyinchalik asosiy raqobat boshqalar bilan emas, o‘zining kechagi natijalari bilan bo‘lishi kerakligini anglagan.

Birinchi ish va ilk maosh

Foto: Tohir Saidovning shaxsiy arxividan

Birinchi ish imkoniyati deyarli tasodifan topilgan. Telegram guruhlaridan birida xalqaro IT kompaniyasi Exadel amaliyot dasturiga qabul e’lon qilgan.

Ariza topshirilgach, katta umid qilinmagan. Ammo suhbatlardan muvaffaqiyatli o‘tib, bir oylik jamoaviy loyiha ustida ishlash imkoniyati paydo bo‘lgan. Keyinchalik u to‘liq ishga qabul qilingan.

Birinchi maoshi taxminan $400 ni tashkil etgan. O‘sha davrda u part-time ishlashni tanlagan, chunki universitetdagi o‘qishni davom ettirish muhimroq edi. Tajriba orttirish puldan ustun qo‘yilgan.

Nega Polsha tanlandi

Maktabni tugatish arafasida xorijda ta’lim olish masalasi kun tartibiga chiqdi. Turli variantlar ichidan Polsha tanlandi.

Bu qarorga universitetlarning nufuzi, diplomlarning xalqaro tan olinishi hamda Yevropa mehnat bozoridagi imkoniyatlar sabab bo‘lgan. Ota-onasi ham bu tanlovni qo‘llab-quvvatlagan.

Hujjatlarni agentlik orqali rasmiylashtirgan bo‘lsa-da, keyinchalik ko‘plab jarayonlarni mustaqil bajarish ham mumkinligini anglagan. Universitetlarga hujjat topshirish, elchixona talablari va boshqa ma’lumotlarning barchasi ochiq manbalarda mavjud bo‘lgan.

Chet eldagi ilk qiyinchiliklar

Polshaga ko‘chib o‘tish bilan bir vaqtda yangi til, yangi muhit, universitet, ish va kundalik hayot mas’uliyati birdaniga yuklangan.

Foto: Tohir Saidovning shaxsiy arxividan

Til masalasi ham kutilganidan murakkabroq chiqqan. Dastlab ko‘pchilik ingliz tilida bemalol gapiradi degan tasavvur bo‘lgan bo‘lsa-da, amalda ingliz tilidan asosan yoshlar va xalqaro kompaniyalarda ishlovchilar foydalanishi ma’lum bo‘lgan. Qolgan vaziyatlarda esa tarjimon ilovalari yordam bergan.

Netflix sari uzoq tayyorgarlik

Exadel’dan keyin dasturchi OLX Group va Atlassian kompaniyalarida faoliyat yuritdi.

Bu davrda u muhim bir haqiqatni anglagan: yaxshi dasturchi bo‘lish va texnik suhbatlardan muvaffaqiyatli o‘tish ikki xil ko‘nikma hisoblanadi.

Shu sababli ish almashishni rejalashtirmagan paytlarda ham muntazam ravishda turli kompaniyalarga suhbatlarga kirib turgan. Bu tajriba keyinchalik katta kompaniyalarga tayyorlanishda muhim rol o‘ynagan.

Google va Netflix uchun qanday tayyorlangan

Katta kompaniyalarga tayyorlanish deyarli alohida loyiha sifatida tashkil etilgan.

Reja SMART tamoyili asosida tuzilgan. Taxminan 250 ta LeetCode algoritmik masalasi, yana 175 ga yaqin JavaScript topshirig‘i yechilgan. Ularning ko‘pi bir necha marotaba qayta ishlangan.

Foto: Tohir Saidovning shaxsiy arxividan

Bundan tashqari, JavaScript bo‘yicha ikki kitob o‘qilgan, tizim dizayni bo‘yicha videolar ko‘rilgan hamda tarmoq texnologiyalari va protokollarni chuqurroq tushunish uchun ChatGPT’dan foydalanilgan.

Nomzod texnik bilimlar bilan bir qatorda soft skill’lar ustida ham alohida ishlagan. Chunki Netflix va Google kabi kompaniyalarda jamoa bilan ishlash, murakkab vaziyatlarda qaror qabul qilish va muloqot madaniyati texnik bilimlar qadar muhim hisoblanadi.

Ikki gigantdan bir vaqtning o‘zida taklif

Dastlab boshqa kompaniyalarda suhbatlardan o‘tib, o‘z tayyorgarlik darajasini baholab olgan.

Shundan keyingina Google va Netflix’ga ariza topshirilgan. Netflix’da yettita, Google’da esa to‘rtta suhbat bosqichidan muvaffaqiyatli o‘tilgan.

Oxir-oqibat ikkala kompaniyadan ham ish taklifi kelgan. Tanlov Netflix foydasiga qilingan. Bunga ishdagi erkinlik, moslashuvchan ish grafigi, yuqori maosh, bonus va aksiyalarsiz to‘lanadigan oylik hamda professional rivojlanish imkoniyatlari sabab bo‘lgan.

Netflix’dagi ish muhiti

Netflix’dagi ilk haftalar juda katta hajmdagi yangi ma’lumotlarni o‘zlashtirish bilan o‘tgan.

Kompaniyada turli davlatlardan kelgan yuqori malakali mutaxassislar ishlaydi. Jamoaning ochiqligi va tajriba almashishga tayyorligi yangi xodimning tez moslashishiga yordam bergan.

Hozirda u reklama materiallarini boshqarish bilan shug‘ullanuvchi UI va Promo Assets Management jamoasida faoliyat yuritmoqda.

Polshada yashash qancha turadi

Varshava Polshaning eng qimmat shaharlaridan biri hisoblanadi.

Kvartira ijarasi do‘sti bilan birga oyiga taxminan 5,5 ming zlotiy turadi. Oziq-ovqat uchun avval oyiga 1,8–2 ming zlotiy sarflangan. Jamoat transporti abonementi esa oyiga qariyb $30ni tashkil etadi.

Shuningdek, sport, sayohat va boshqa shaxsiy xarajatlar ham umumiy budjetning muhim qismini tashkil qiladi.

Polsha IT bozori

Tohirning ta’kidlashicha, Polsha so‘nggi yillarda Yevropaning yirik IT markazlaridan biriga aylanmoqda.

Ko‘plab xalqaro kompaniyalar bu yerda ofis ochmoqda yoki faoliyatini kengaytirmoqda. Buning asosiy sababi — malakali mutaxassislar sifati yuqori bo‘lgani holda, mehnat xarajatlari G‘arbiy Yevropaga nisbatan arzonroq ekani bilan izohlanadi.

Polsha hayoti haqida taassurotlar

Polsha hayotidagi eng katta qiyinchiliklardan biri iqlim hisoblanadi. Yil davomida quyosh kam ko‘rinishi D vitamini yetishmovchiligiga sabab bo‘lishi mumkin.

Foto: Tohir Saidovning shaxsiy arxividan

Shu bilan birga mamlakat sport madaniyati, tabiatining go‘zalligi va sayohat imkoniyatlari bilan ajralib turadi. Tohirning fikricha, Polsha jamiyati O‘zbekistonga qaraganda individualistikroq bo‘lsa-da, har ikki yondashuvning o‘ziga xos afzallik va kamchiliklari mavjud.

Universitetdagi ta’lim tizimi

Tohir Lodz universitetida kompyuter fanlari yo‘nalishini tamomlagan.

Uning qayd etishicha, Polsha universitetlarida talabaga ko‘proq mustaqillik beriladi. Ko‘plab darslarda qatnashish majburiy emas, asosiy e’tibor bilimni imtihonda namoyish etishga qaratiladi.

Professorlar bilan muloqot ham erkinroq bo‘lib, ishlayotgan talabalar uchun qo‘shimcha qulayliklar yaratiladi.

Eng muhim saboqlar

Ko‘p yillik tajribadan so‘ng Tohir bir necha muhim xulosaga kelgan.

Algoritmlarni e’tiborsiz qoldirmaslik, o‘zini boshqalar bilan emas, kechagi natijalari bilan solishtirish hamda muntazam ravishda suhbatlardan o‘tib turish professional rivojlanishda katta ahamiyatga ega.

Bugungi kunda Netflix uning uchun yakuniy manzil emas. U bu bosqichni yangi imkoniyatlar va tajribalar sari navbatdagi qadam sifatida ko‘radi. Kelajakda esa o‘z biznesini boshlash ehtimolini ham inkor etmaydi. Hozirgi asosiy maqsadi esa yangi bilimlarni egallash, tajriba orttirish va dunyoni yanada ko‘proq kashf etishdan iborat.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan xorijda o‘qiyotgan talabalar va ish beruvchilarni bog‘lovchi platforma ishga tushirilishi haqida yozgandi.

Shuningdek