Yangiliklar

Behruz Karimov Shveysariya klubiga o‘tdi, Lionel Messining otasi vafot etdi — 8-avgustdagi yangiliklar dayjesti

Kursiv Uzbekistan 8-avgust kuni e’lon qilingan yangiliklarning muhimlarini bir joyga jamladi
Foto: Getty Images

Kursiv Uzbekistan 8-avgust kuni e’lon qilingan yangiliklarning muhimlarini bir joyga jamladi.

Behruz Karimov faoliyatini Shveysariyaning «Lugano» klubida davom ettiradi

Foto: Instagram / behruzjon_karimov_

O‘zbekiston milliy terma jamoasi va Termizning «Surxon» klubi himoyachisi Behruzjon Karimov faoliyatini Shveysariyaning «Lugano» jamoasida davom ettiradi. Bu haqda Superliga hamda O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasining (O‘FA) rasmiy sahifalari xabar berdi.

O‘zbekistonda rieltorlik faoliyati qonun bilan tartibga solindi

Foto: SI yordamida tayyorlandi

O‘zbekistonda 7-avgust kuni qabul qilingan «Rieltorlik faoliyati to‘g‘risida»gi qonun bilan mazkur sohadagi munosabatlar tartibga solindi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.

Vakolatli organ va sertifikatlash talabi

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi rieltorlik sohasidagi vakolatli davlat organi etib belgilandi. Qonunga muvofiq, rieltorlar o‘qitish dasturidan o‘tib, malaka imtihonini muvaffaqiyatli topshirganidan so‘ng professional jamoat birlashmasi tomonidan shtrix kodli malaka sertifikatiga ega bo‘ladi. Rieltor rieltorlik tashkiloti tarkibida faoliyat yuritishi hamda tegishli malaka sertifikatiga ega bo‘lishi shart.

Aktyor va rejissyor Abdumannon Ubaydullayev vafot etdi

Foto: O‘zbekiston Kinoarboblari ijodiy uyushmasi

O‘zbekiston san’at va madaniyat sohasi og‘ir judolikka uchradi. Taniqli kinoaktyor, rejissyor va pedagog Abdumannon Ubaydullayev 86 yoshida hayotdan ko‘z yumdi. Bu haqda O‘zbekiston Kinoarboblari ijodiy uyushmasi ma’lum qildi.

Abdumannon Ubaydullayev nafaqat iqtidorli aktyor, balki mohir ustoz va kinorejissyor sifatida ham o‘zbek kinosi tarixida chuqur iz qoldirdi. Tomoshabinlarga u, ayniqsa, Zulfiqor Musoqovning «Vatan» filmidagi takrorlanmas ijrosi bilan yaxshi tanish.

Elektromobil xaridi uchun kredit foizlarining bir qismi qoplab berilishi mumkin

Foto: SI yordamida yaratilgan

O‘zbekistonda 2026-yil 1-avgustdan boshlab aholiga elektromobil sotib olish uchun ajratilgan kreditlar bo‘yicha foiz to‘lovlarining bir qismini qoplab berish taklif qilinmoqda. Bu haqdagi hukumat qarori loyihasi jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilindi.

Kompensatsiya talablari

Nizom loyihasiga ko‘ra, kompensatsiya faqat birlamchi bozordan olingan elektromobillar uchun qo‘llanilishi ko‘zda tutilgan. Avtokredit miqdori 300 mln so‘mdan oshmasligi hamda avtomobil qiymati bazaviy hisoblash miqdorining 1 000 baravarigacha bo‘lishi talab etiladi.

Kompensatsiyani kredit foiz stavkasining 16 foizdan oshadigan, biroq 8 foizdan yuqori bo‘lmagan qismi uchun dastlabki ikki yil davomida to‘lash nazarda tutilmoqda.

Lionel Messining otasi Xorxe Messi 68 yoshida vafot etdi

Foto: marca.com

Mashhur futbolchi Lionel Messining otasi Xorxe Messi Argentinaning Rosario shahridagi shifoxonada uzoq davom etgan kasallikdan so‘ng 68 yoshida vafot etdi. Bu haqda ommaviy axborot vositalari xabar berdi.

Xorxe Messi o‘g‘lining faoliyati boshlanishida juda muhim rol o‘ynagan. Bolaligida Lionelga o‘sish gormoni yetishmovchiligi tashxisi qo‘yilgan va ushbu qimmatbaho davolanish muolajalari oila uchun jiddiy moliyaviy yukka aylangan edi. Aynan otasi o‘g‘lining terapiyasini to‘lash uchun mablag‘ va imkoniyatlar izlash bilan shug‘ullangan.

Apple, Google va Amazon O‘zbekistonga kirishi uchun yo‘l ochildi

Rasm Si yordamida yaratilgan / Kursiv Uzbekistan

O‘zbekiston Senati IT Park hududida ingliz huquqi tamoyillari asosida faoliyat yurituvchi Xalqaro raqamli texnologiyalar markazini tashkil etish to‘g‘risidagi qonunni ma’qulladi. Ushbu qaror global IT-kompaniyalarini jalb qilish orqali 2030-yilgacha soha eksportini $5 mlrd ga yetkazish va 300 mingta yangi yuqori maoshli ish o‘rni yaratish maqsadini ko‘zlaydi.

O‘zbekistonning rasmiy xalqaro zaxiralari 64 miliard dollardan oshdi

Rasm SI yordamida yasalgan

O‘zbekiston Respublikasining rasmiy xalqaro zaxiralari 2026-yilning 1-avgust holatiga ko‘ra $64,3 mlrdga yetdi. Bu haqda Markaziy bank o‘zining hisobotida ma’lum qildi.

Valyuta aktivlaridagi o‘zgarishlar

Hisobot ma’lumotlariga ko‘ra, xorijiy valyutadagi zaxira aktivlar iyul oyi davomida o‘sib, 1-avgust holatiga ko‘ra $7,6 mlrd ni tashkil etdi. 1-iyulda bu ko‘rsatkich $7,4 mlrd bo‘lgan. Ushbu o‘sish naqd valyuta va depozitlar hajmining $4,5 mlrd dan $5,8 mlrd ga oshishi bilan bog‘liq.

O‘zbekistonda bolalarga otasining ismini familiya qilib berishga ruxsat berildi

Rasm SI yordamida yaratilgan

Oliy Majlis Senatining 18-yalpi majlisida qabul qilingan yangi qonun orqali Oila kodeksiga muhim o‘zgartirish kiritilmoqda. Endilikda ota-onalar o‘z xohishiga ko‘ra, farzandlariga bevosita otasining ismini familiya sifatida qayd etishlari mumkin.

Oila kodeksidagi kutilayotgan yangilik

Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, bolaning familiyasi ota-onaning familiyasiga qarab belgilanar yoki milliy an’analarga ko‘ra boboning ismi qilib berilishi mumkin edi. Yangi qonun bilan «Oila kodeksi»ning 69-moddasiga kiritilayotgan o‘zgartirishlar ushbu qoidani yanada kengaytiradi. Senatorlarning ta’kidlashicha, otaning ismini bolaga familiya sifatida berilishining qonunchilikda aniq belgilanishi fuqarolarning xohish-istaklarini ro‘yobga chiqarishga xizmat qiladi.