Android’da APK fayllarini o‘rnatishda 24 soatlik kutish joriy etiladi

eʼlon qilindi ( yangilandi)
Braziliya, Indoneziya, Singapur va Tailandda
Android’da APK fayllarini o‘rnatishda 24 soatlik kutish joriy etiladi
Foto: depositphotos.com

Google Android qurilmalarida uchinchi tomon manbalaridan ilova o‘rnatishga qo‘shimcha cheklovlar kiritmoqda. Bu haqda LifeXaker nashri xabar berdi.

Yangi tartib foydalanuvchilarni zararli dasturlar va firibgarlardan himoya qilishga qaratilgan.

APK o‘rnatishdan oldin 24 soat kutish kerak bo‘ladi

Sentabrdan boshlab Google Play’da ro‘yxatdan o‘tmagan dasturchilar ilovalarini Android qurilmalariga o‘rnatishda yangi talablar qo‘llanadi.

Bunday ilovani o‘rnatish uchun foydalanuvchi qurilma sozlamalarida noma’lum dasturchilardan ilovalarni o‘rnatishga ruxsat berishi, smartfonni qayta ishga tushirishi va 24 soat kutishi kerak bo‘ladi.

Cheklov firibgarliklarning oldini oladi

Google’ning ta’kidlashicha, 24 soatlik kutish foydalanuvchini shoshilinch qaror qabul qilishdan himoya qiladi. Masalan, firibgarlar jabrlanuvchini telefoniga zararli APK faylni darhol o‘rnatishga majburlashi mumkin. Majburiy tanaffus esa foydalanuvchiga vaziyatni qayta tekshirish imkonini beradi.

24 soat o‘tgach foydalanuvchi ilovalarni 7 kun davomida vaqtincha yoki cheklanmagan muddatga o‘rnatishga ruxsat berishi mumkin.

Yangi tartib qayerlarda joriy qilinadi

Qoidalar dastlab Braziliya, Indoneziya, Singapur va Tailandda amal qila boshlaydi. 2027-yilda esa yangi talablarni butun dunyo bo‘ylab joriy etish rejalashtirilgan.

Google ma’lumotlariga ko‘ra, uchinchi tomon xizmatlaridan yuklab olingan ilovalarda virus va zararli dasturlar uchrashi rasmiy Google Play do‘konidagi ilovalarga qaraganda 50 barobar ko‘proq.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Google Assistant 4-sentabrdan boshlab smartfonlarda bosqichma-bosqich o‘chirilishi haqida yozgandi.

Shuningdek