Farg‘onada 170 mln dollarlik elektrobus ishlab chiqarish zavodi qurilmoqda

Farg‘ona viloyatining Yozyovon tumanida Xitoy kompaniyalari bilan hamkorlikda elektrobus ishlab chiqarish loyihasi amalga oshirilmoqda. Korxona yiliga 700 ta elektrobus ishlab chiqarish quvvatiga ega bo‘ladi. Bu haqda viloyat hokimligi xabar berdi.
Loyiha Xiang Yang Tenglong Automobile va GIG Investments kompaniyalari bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda. Korxona Yozyovon tumanidagi Ijodkor mahallasi hududida joylashgan maxsus sanoat zonasining 10 gektar maydonida quriladi.
Korxona 2027-yil dekabrda ishga tushiriladi
Umumiy qiymati $170 mln bo‘lgan loyiha doirasida yiliga 700 ta elektrobus ishlab chiqarish quvvati yaratiladi. Korxonani 2027-yil dekabr oyida ishga tushirish rejalashtirilgan.
Dastlab korxonada elektrobus ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi. Kelgusida esa bu yerda elektr yuk mashinalarini ishlab chiqarish ham rejalashtirilgan.
Ishlab chiqarilgan transport vositalari ichki bozorga yetkazib berish bilan birga xorijiy davlatlarga ham eksport qilinadi.
Loyiha sanoat salohiyatini oshiradi
Farg‘ona viloyati hokimligi ma’lumotlariga ko‘ra, loyiha hududning sanoat salohiyatini oshirish va yangi ish o‘rinlari yaratishga xizmat qiladi. Shuningdek, zamonaviy va ekologik toza transport vositalarini ishlab chiqarishni kengaytirish ko‘zda tutilgan.
24-avgust kuni loyihaning tamal toshi qo‘yilib, qurilish ishlariga start berildi.
Tadbirda Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov, tadbirkorlar va investorlar, jamoatchilik vakillari hamda nuroniylar ishtirok etdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq 2026-yil 1-sentabrdan shahar avtobuslarida yo‘lkira haqini validator orqali tasdiqlash majburiy bo‘lishi hamda to‘lovni avtobusga chiqish vaqtida amalga oshirmagan yo‘lovchilar chiptasiz yurgan deb hisoblanishi haqida xabar berilgandi.