AQShda favqulodda holat e’lon qilindi

AQSh prezidenti Donald Tramp mamlakatning yirik elektr energetika tizimini xorijiy davlatlar aralashuvi va kiberxavflardan himoya qilishga qaratilgan farmonni imzoladi. Hujjat bilan elektr tarmog‘ida foydalaniladigan xorijda ishlab chiqarilgan uskunalar bilan bog‘liq tahdidlar sabab favqulodda holat e’lon qilindi. Bu haqda Oq uy xabar berdi.
Xorijiy uskunalarga cheklovlar kuchaytiriladi
Farmonda AQSh elektr tarmog‘ining asosiy qismini ta’minlaydigan xorijiy ishlab chiqarilgan elektr uskunalari, shuningdek, ular bilan bog‘liq dasturiy ta’minot va raqamli texnologiyalar xavfsizlik nuqtayi nazaridan alohida nazoratga olinishi belgilangan.
Hujjatga ko‘ra, kiberhujum, sabotaj, ruxsatsiz kirish yoki mamlakatning muhim infratuzilmasiga jiddiy zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan uskunalarni AQShda xarid qilish yoki o‘rnatish taqiqlanishi mumkin. Ayrim hollarda esa bunday uskunalardan foydalanishga maxsus shartlar asosida ruxsat beriladi.
Yangi tartib elektr energiyasini mahalliy iste’molchilarga yetkazib beradigan taqsimot obyektlariga nisbatan qo‘llanmaydi.
Energetika vazirligiga yangi vakolatlar berildi
Farmon AQSh Energetika vazirligiga elektr energetika tizimida xavf tug‘dirishi mumkin bo‘lgan uskunalarni aniqlash va ular bo‘yicha tegishli tavsiyalar ishlab chiqish vazifasini yuklaydi.
Vazirlik boshqa davlat idoralari bilan hamkorlikda bunday uskunalardan foydalanishda qanday cheklovlar yoki qo‘shimcha talablar joriy etilishi kerakligini ham belgilaydi. Bunda elektr ta’minotining barqarorligi, xavfsizligi, muqobil uskunalarning mavjudligi va xizmatlarning uzluksizligi hisobga olinadi.
Shuningdek, Energetika vazirligi farmonni amalda qo‘llash uchun zarur bo‘lgan qoidalarni ishlab chiqishi kerak.
AI va mudofaa sanoatining o‘sishi ham sabab sifatida ko‘rsatilgan
Oq uy AQShda ilg‘or ishlab chiqarish, sun’iy intellekt va mudofaa sanoatining jadal rivojlanishi elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyojni oshirayotganini qayd etdi. Shu bilan birga, ayrim xorijiy komponentlarga yuqori darajada bog‘liqlik mamlakat energetika tizimi uchun ta’minot zanjiri xavfini yuzaga keltirishi mumkin.
Tramp ma’muriyati ayniqsa elektr tarmog‘i AQSh mudofaasi, favqulodda xizmatlar, muhim infratuzilma va iqtisodiyot faoliyati uchun zarur ekanini ta’kidlamoqda.
Oq uy ma’lumotlariga ko‘ra, xorijiy kompaniyalar tomonidan ishlab chiqarilgan ayrim uskunalardagi zaifliklardan foydalanish AQSh elektr tizimiga qarshi sabotaj yoki boshqa hujumlar xavfini oshirishi mumkin.
Yangi farmon Tramp ma’muriyatining strategik ta’minot zanjirlarini AQSh ichida rivojlantirish siyosatining navbatdagi qismi bo‘ldi.
Oq uy ma’lumotiga ko‘ra, Tramp 2025-yil aprelida AQSh elektr tarmog‘ini mustahkamlashga qaratilgan farmonni ham imzolagan. 2026-yil iyunida esa sun’iy intellekt sohasidagi innovatsiyalarni rivojlantirish va mamlakat kiberxavfsizligini kuchaytirishga qaratilgan hujjat imzolangan.
Avvalroq AQShning xorijdagi elchixona va konsulliklarida viza olish uchun suhbatlar o‘tkazilishi vaqtincha to‘xtatilgani haqida xabar berilgandi.