
AnTuTu 2026-yil avgust oyidagi Android smartfonlari unumdorligi bo‘yicha yangi reytingini e’lon qildi. Subflagman, ya’ni flagmanlardan bir pog‘ona past turuvchi yuqori o‘rta segment qurilmalari orasida Honor 600 Pro 2 187 704 ball bilan birinchi o‘rinni egalladi.
1-o‘rin: Honor 600 Pro
Reyting yetakchisi Honor 600 Pro bo‘ldi. Smartfon AnTuTu sinovlarida o‘rtacha 2 187 704 ball qayd etib, avgust oyining eng kuchli subflagman Android qurilmasiga aylandi.
Gap Honor 600 Pro’ning Xitoy bozori uchun ishlab chiqarilgan versiyasi haqida ketmoqda. Mazkur model MediaTek Dimensity 8550 Elite platformasida ishlaydi.
Bu jihatdan u Honor 600 Pro’ning global versiyasidan farq qiladi. Xalqaro bozorda sotiladigan model Snapdragon 8 Elite protsessori bilan jihozlangan.

Shunday qilib, reytingdagi natijani Honor 600 Pro’ning barcha versiyalariga bir xil tatbiq etib bo‘lmaydi — AnTuTu aynan Xitoy uchun mo‘ljallangan Dimensity 8550 Elite’li modelni sinovdan o‘tkazgan.
2-o‘rin: Oppo Reno 16
Ikkinchi o‘rinni Oppo Reno 16 egalladi. Smartfon AnTuTu’da 2 145 230 ball natija ko‘rsatgan.
Qurilma MediaTek Dimensity 8550 Super chipida ishlaydi. Uning Honor 600 Pro bilan farqi qariyb 42,5 ming ballni tashkil etdi.
Natijalar Oppo Reno 16’ning ham yuqori o‘rta segmentdagi eng kuchli Android qurilmalaridan biri ekanini ko‘rsatmoqda.
3-o‘rin: Oppo K15 Pro
Kuchli uchlikni Oppo K15 Pro yakunladi. Model AnTuTu V11 testida o‘rtacha 2 132 203 ball to‘plagan.
Smartfon MediaTek Dimensity 8500 Super platformasiga asoslangan. Oppo K15 Pro ikkinchi o‘rindagi Reno 16’dan atigi 13 ming ballga yaqin ortda qolgan.
Birinchi uchlikdagi smartfonlarning natijalari bir-biriga juda yaqin ekani subflagman segmentida ishlab chiqaruvchilar o‘rtasidagi raqobat kuchayganini ko‘rsatadi.
4-o‘rin: Honor WIN Turbo

Honor reytingning kuchli beshligiga ikkita modelini kiritishga muvaffaq bo‘ldi. Honor WIN Turbo 2 130 437 ball bilan to‘rtinchi o‘rinni egalladi.
U uchinchi o‘rindagi Oppo K15 Pro’dan atigi 1 766 ball ortda qolgan. AnTuTu miqyosidagi bunday kichik farq qurilmalar unumdorligi deyarli bir darajada ekanini anglatadi.
Shu tariqa Honor avgust oyidagi subflagmanlar reytingida nafaqat birinchi o‘rinni, balki kuchli to‘rtlikdagi yana bir pog‘onani ham egalladi.
5-o‘rin: Oppo Reno 15 Pro
Kuchli beshlikni Oppo Reno 15 Pro yakunladi. Smartfon AnTuTu’da 2 116 989 ball qayd etdi.
Oppo shu tariqa reytingning dastlabki besh pog‘onasidan uchtasini egalladi. Reno 16 ikkinchi, K15 Pro uchinchi, Reno 15 Pro esa beshinchi o‘rindan joy oldi.
Bu natija kompaniyaning ayniqsa yuqori o‘rta segmentdagi smartfonlar unumdorligiga katta e’tibor qaratayotganini ko‘rsatmoqda.
Reytingning qolgan o‘rinlarini qaysi smartfonlar egalladi

Oltinchi pog‘onada 2 115 985 ball bilan iQOO Z11 joylashdi. Undan keyin Oppo Reno 15 — 2 098 073 ball, Xiaomi 17T — 2 083 881 ball va Redmi Turbo 5 — 2 042 029 ball natija ko‘rsatdi.
Top-10’ni Oppo K13 Turbo 5G yakunladi. Ushbu model AnTuTu’da o‘rtacha 2 006 113 ball to‘plagan.
Shunday qilib, reytingga kirgan barcha o‘nta smartfon 2 mln balldan yuqori natija qayd etgan.
Top-10’dagi barcha smartfonlarda MediaTek chiplari ishlatilgan
Avgust reytingining yana bir muhim jihati — kuchli o‘ntalikdagi barcha subflagman smartfonlar MediaTek platformalarida ishlaydi.
Bu flagman smartfonlar reytingidan keskin farq qiladi. AnTuTu’ning 2026-yil avgust oyidagi flagmanlar top-10’ligida esa barcha qurilmalar Qualcomm platformalariga asoslangan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan nashri Samsung Galaxy S26 Ultra raqobatchilarini ortda qoldirgani haqida yozgan edi.