Andijonda paypoq ichidan 64 ming dollar chiqdi

Andijonda fuqaro Qirg‘izistonga chiqib ketish vaqtida 64 ming AQSh dollarini paypoq qismiga yashirib, bojxona nazoratidan olib o‘tishga uringan. Valyuta deklaratsiyada ko‘rsatilmagan. Bu haqda Andijon viloyati Bojxona boshqarmasi xabar berdi.
64 ming dollar paypoqqa yashirilgan
Fuqaro «Do‘stlik» chegara bojxona postining «Chiqish piyoda» yo‘nalishidagi yashil yo‘lak orqali O‘zbekistondan Qirg‘izistonga chiqib ketayotgan bo‘lgan.
Bojxona nazorati va shaxsiy ko‘rik davomida fuqaroning deklaratsiyada ko‘rsatilmagan xorijiy valyutani yashirincha olib chiqayotgani aniqlangan.
Tekshiruvda jami 64 000 AQSh dollari fuqaroning paypoq qismiga yashirilgani ma’lum bo‘lgan.
Valyuta vaqtincha saqlovga olindi
Bojxona xodimlarining sinchkovligi natijasida aniqlangan 64 ming dollar belgilangan tartibda vaqtincha saqlovga olingan. Hozirda holat yuzasidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Avvalroq Afg‘onistondan O‘zbekistonga olib kirilayotgan 48,5 kgdan ortiq narkotik modda to‘xtatib qolingandi.