
Nissan NX7 plagin-gibrid krossoveri 2026-yilning to‘rtinchi choragida Xitoy bozorida taqdim etilishi kutilmoqda. Model Dongfeng Nissan’ning N-seriyasidagi to‘rtinchi yangi energiyali avtomobil bo‘ladi.
Sinov prototiplari Guanchjou ko‘chalarida kuzatilgan. Avtomobil besh o‘rinli bo‘lib, NX8 modelidan kichikroq o‘lchamga ega.
Elektr rejimida 225 km gacha yuradi
Nissan NX7 40,95 kVt·soat sig‘imli litiy-temir-fosfat batareya bilan jihozlanadi. Batareya elementlarini CATL-FAW qo‘shma korxonasi yetkazib beradi.
Regulyator ma’lumotlariga ko‘ra, avtomobil konfiguratsiyasiga qarab faqat elektr energiyasida 220 yoki 225 km masofani bosib o‘tishi mumkin.

1,5 litrli gibrid tizim o‘rnatiladi
NX7’da 1,5 litrli atmosfera dvigateli va elektr motor qo‘llanadi. Benzin dvigateli 73 kVt, ya’ni 98 ot kuchi quvvat beradi. Elektr motorining maksimal quvvati esa 170 kVt yoki 228 ot kuchiga teng.
Hozircha gibrid tizimda quvvatning qanday taqsimlanishi va benzin dvigateli g‘ildiraklarni qaysi holatlarda bevosita harakatga keltirishi ochiqlanmagan.
LiDAR opsiya sifatida taklif etiladi
Modelda tomga o‘rnatiladigan LiDAR sensori ham mavjud bo‘ladi. Sinov avtomobillari ham LiDAR bilan, ham usiz kuzatilgan.
Bu uning opsiya sifatida taklif qilinishini ko‘rsatadi. Dongfeng Nissan NX7’da shahar sharoitida Navigation on Autopilot – NOA tizimi ham bo‘lishini tasdiqlagan.

NX7 o‘lchamlari ma’lum bo‘ldi
Avtomobilning uzunligi 4 785 mm, eni 1 932 mm, balandligi 1 665 mmni tashkil etadi. Ayrim versiyalarda eni 1 920 mm, balandligi esa 1 660 mm bo‘lishi mumkin.
G‘ildirak bazasi 2815 mm. Avtomobilning og‘irligi versiyasiga qarab 1 915 – 2 000 kg oralig‘ida bo‘ladi.
NX7’da 18 va 19 dyuymli g‘ildiraklar taklif qilinadi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan nashri Nissan yangi avlod Skyline modelini Infiniti Q50 sifatida taqdim etishi haqida yozgan edi.