NASA Madagaskardagi Oy bo‘lagini suratga oldi

eʼlon qilindi
Bu jins turi Oy yuzasidagi yorqin rangli balandliklarda ham uchraydi
Foto: NASA

NASA Xalqaro kosmik stansiyadan turib, Madagaskarning janubidagi qariyb 100 kvadrat kilometr maydonni egallagan anortozit massivini suratga oldi. Bu jins turi Oy yuzasidagi yorqin rangli balandliklarda ham uchraydi. Biroq olimlar Madagaskardagi massiv Yerda shakllanganini ta’kidlaydi. Bu haqda NASA Yer observatoriyasi xabar berdi.

Suratni Xalqaro kosmik stansiya ekipaji olgan

Saririaki deb ataladigan anortozit massivi tasviri 2026-yil 28-avgustda Xalqaro kosmik stansiyaning 75-ekspeditsiyasi ishtirokchisi tomonidan olingan. NASA ushbu suratni 5-oktabr kuni kun tasviri sifatida e’lon qilgan.

Suratda jigarrang tusdagi jinslar orasida och rangli, deyarli dumaloq hudud ko‘zga tashlanadi. Bu anortozit yer yuzasiga chiqib qolgan maydon bo‘lib, uning umumiy kattaligi qariyb 100 kvadrat kilometrga teng.

Anortozitning Oy bilan qanday aloqasi bor

Anortozit – magma sovishi jarayonida hosil bo‘ladigan magmatik tog‘ jinsi. Uning tarkibida plagioklaz deb ataladigan mineralning yirik kristallari ko‘p uchraydi.

Oy yuzasidagi yorqin rangli balandliklarning katta qismi ham anortozitlardan tashkil topgan. Shu sababli bu jins turi Oy geologiyasini o‘rganishda muhim ahamiyatga ega. Ammo Madagaskardagi massivni Oydan Yerga kelib qolgan bo‘lak deb hisoblash noto‘g‘ri: uning tarkibi o‘xshash bo‘lsa-da, geologik kelib chiqishi Yer bilan bog‘liq.

Massivning yoshi 600 million yildan oshadi

Geologlar Saririaki va unga yaqin Ankafo­tiya massivlaridagi anortozitlarning kristallanish yoshini avvalgi tadqiqotlarda taxminan 660 million yil deb baholagan. Tadqiqotda 60 million yillik xatolik oralig‘i ham ko‘rsatilgan. Olimlar yoshni jinslar va alohida minerallardagi samariy hamda neodim izotoplari nisbatini o‘rganish orqali aniqlagan.

Keyinchalik bu jinslar yuqori harorat va bosim ta’sirida o‘zgarishga uchragan. Tadqiqotchilar ushbu jarayonni taxminan 630 – 550 million yil avval sodir bo‘lgan geologik hodisalar bilan bog‘laydi. O‘sha davrda Gondvananing sharqiy va g‘arbiy qismlari bir-biriga yaqinlashib, birlashgan.

Gondvana qadimda Afrika, Hindiston, Madagaskar, Avstraliya va Antarktida kabi hududlarni o‘z ichiga olgan ulkan superqit’a bo‘lgan.

Oy jinslari bundan ancha qadimiy

Madagaskardagi anortozitlar yuzlab million yil avval shakllangan bo‘lsa, Oydagi shu turdagi jinslarning yoshi to‘rt milliard yildan oshadi.

Olimlarning tushuntirishicha, Oy shakllangan ilk davrlarda uning yuzasi katta miqdordagi erigan moddalardan iborat bo‘lgan. Sovish jarayonida plagioklaz kristallari yengilligi sabab yuqoriga ko‘tarilib, Oy po‘stining dastlabki qatlamini hosil qilgan. Og‘irroq minerallar esa chuqurroqqa cho‘kkan.

NASA ma’lumotiga ko‘ra, «Apollon-15» missiyasi astronavtlari 1971-yilda Oy yuzasidan «Ibtido toshi» deb ataladigan mashhur 15 415 raqamli namunani topgan. Uning yoshi taxminan to‘rt milliard yil deb baholangan.

Yerda uchraydigan anortozitlar olimlarga Oy jinslarini o‘rganishda yordam beradi. Ular laboratoriya tajribalari, Oy yuzasida ishlashi kerak bo‘lgan uskunalar va skafandrlarni sinash uchun sun’iy Oy tuprog‘i – regolit analoglarini tayyorlashda ham qo‘llanadi.

Avvalroq AQSh Harbiy-havo kuchlari vaziri Troy Meink mamlakat Kosmik kuchlari orbitada «kosmik nazorat qurollari»ga ega ekanini ma’lum qilgandi.

Shuningdek