Bir MChJ qariyb 4 milliard so‘mlik gazni o‘g‘irlagan

eʼlon qilindi
Bu o‘g‘rilik 29 mingdan ziyod xonadonning bir oylik iste’moliga teng miqdordagi tabiiy gaz hisoblanadi

Toshkent shahrida bitta MChJ 3,8 mlrd mln so‘mlik tabiiy gazdan noqonuniy foydalangani aniqlandi, deb xabar berdi Energetika vazirligi.

Foto: aimankhair96 / depositphotos.com

Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan nazorat tadbirlarida Shayxontohur tumanida joylashgan «R.T.» MChJ tabiiy gazdan noqonuniy foydalanib kelgani ma’lum bo‘ldi. Ushbu nazorat tadbiri «O‘zenergoinspeksiya» tomonidan Bosh prokuratura va «Hududgazta’minot» AJ xodimlari bilan hamkorlikda bo‘lib o‘tdi.

MChJga qarashli kompaniyaning 2 ta bug‘ qozoni gaz tarmog‘iga noqonuniy ulangan.

O‘zboshimchalik natijasida davlatga 3,8 mlrd zarar yetkazilgan. Bu 5,8 mln metr kubni tashkil etadi.

Ma’lumotga ko‘ra, ushbu hajmdagi tabiiy gaz 29,1 mingta xonadonning bir oylik iste’moliga teng.

Shuningdek, isteʼmolchi elektr energiyasidan 3,1 mlrd so‘mdan ziyod qarzdorligi sababli elektr tarmog‘idan uzildi.

Xabarga ko‘ra, ushbu holat yuzasidan rasmiylashtirilgan hujjatlar belgilangan tartibda huquqni muhofaza etuvchi organlarga taqdim qilindi. Shu bilan birga, joylarda nazorat tadbirlari davom etmoqda.

Avvalroq, «Kursiv» 2023-yil iyun oyi oxirida O‘zbekistonda 6,1 milliard so‘mlik elektr energiyasi o‘g‘irlangani haqida yozgan edi.

Shuningdek