O‘zbekistondagi bog‘chalarda karate o‘rgatiladi
O‘zbekistonda karate assotsiatsiyasi (WKF) tashkil etiladi, sportning ushbu turini rivojlantirish dasturlari ham yo‘lga qo‘yiladi. Prezident bu haqdagi qarorni imzoladi, deya xabar beradi Adliya vazirligi.
O‘zbekiston Respublikasi hududlarida ushbu sport turi bilan shug‘ullanish uchun «Karate hamma uchun» dasturi, bog‘chalarda esa «Kids karate» loyihasi yo‘lga qo‘yiladi.
Milliy karate federatsiyasi qayta tashkil etilmoqda. U bilan birgalikda O‘zbekiston karate assotsiatsiyasi (WKF) o‘zining hududiy bo‘limlari bilan hamkorlikda ish boshlaydi.
Imkoniyati cheklangan shaxslar o‘rtasida sportning ushbu turini rivojlantirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Milliy Paralimpiya qo‘mitasi tarkibida parakarate bo‘limi tashkil etiladi.
Kelgusi yildan boshlab O‘zbekiston Respublikasida har yili barcha hududlarda karate festivali, «Uzbekistan Open» xalqaro turniri, davlat sport va ta’lim muassasalari o‘rtasida O‘zbekiston Respublikasi chempionati o‘tkaziladi.
Avvalroq, «Kursiv» respublikada futbol rivoji uchun maxsus kanal paydo bo’lishini yozgandi.