UZINFOCOM O‘zbekiston fuqarolarining kartalaridan pul o‘g‘irlangani haqidagi xabarlardan so‘ng MyID tizimini tekshirdi
O‘zbekistonda 11-noyabr kuni firibgarlar Unired ilovasi orqali O‘zbekiston fuqarolarining kartalaridan yuzlab million so‘mlarni o‘g‘irlab ketishdi. Bu haqda «Kursiv»ga Universalbank kuzatuv kengashi raisi Anvar Irchayev ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, firibgarlar MyID identifikatsiya himoyasini chetlab o‘tib, unga boshqa banklar foydalanuvchilarining kartalarini bog‘lashlari mumkin bo‘lgan.
MyIDni ishlab chiqqan UZINFOCOM «Kursiv» nashriga ma’lum qilishicha, oʻgʻirlik haqidagi xabarlardan soʻng tizim toʻliq tekshiruvdan oʻtkazilgan.
«Tekshiruv natijalari MyID axborot xavfsizligi talablariga to‘liq javob berishini tasdiqladi. MyID ekspertizadan muvaffaqiyatli o‘tdi va O‘zbekistonning axborot xavfsizligi talablariga muvofiqligi Kiberxavfsizlik markazi tomonidan sertifikatlandi. Bu yil tizimi AQSh Milliy standartlar va texnologiyalar instituti (NIST) tomonidan akkreditatsiya qilingan mustaqil Amerika iBeta laboratoriyasida hujumlarni aniqlash uchun muvaffaqiyatli sinovdan o‘tkazildi. Bundan tashqari, biz jabrlanuvchi shaxslar nomidan MyID tizimida identifikatsiyadan o’tishga urinishlar bor-yo’qligini tekshirdik. Natijalarga ko‘ra, ushbu shaxslar nomidan MyID tizimida identifikatsiyadan o‘tishga urinishlar bo‘lmagani aniqlandi», — dedi UZINFOCOM sun’iy intellekt bo‘limi rahbari Yelena Kim.
UZINFOCOM vakili, firibgarlar bank ilovasi yoki bank hamkorlarining tashqi xizmatlaridagi zaiflik tufayli Unired ilovasida ro‘yxatdan o‘tishga muvaffaq bo‘lganini, deb taxmin qildi.
Yelena Kim’ning soʻzlariga koʻra, MyID ilovasida pasport ma’lumotlarini kiritmasdan va real vaqtda yuzni suratga olmasdan identifikatsiyadan o‘tish mumkin emas.
Eslatib o‘tamiz, voqeadan keyin Universalbankning o‘zi Unired ilovasidagi barcha operatsiyalarni vaqtinchalik to‘xtatib qo‘ygan edi. Anvar Irchaevning «Kursiv»ga aytishicha, hodisa sabablariga oydinlik kiritilmoqda. Huquq-tartibot idoralari tomonidan o‘tkazilgan tergov natijalariga ko‘ra, pul jabrlanuvchilarga qaytariladi. Lekin birinchi navbatda aybdorlarni topish kerak.