Toshkent shahrida yashirin narkolaboratoriya aniqlandi
Toshkent shahrida sintetik giyohvandlik moddalarini ishlab chiqarish bilan shugʻullangan yashirin narkolaboratoriya faoliyatiga chek qoʻyildi. Bu haqida DXX matbuot xizmati maʼlum qildi.
Aniqlanishicha, 1986 va 1988-yillarda tugʻilgan ikki nafar shaxs logistika faoliyati bilan shugʻullanish niqobi ostida Shayxontohur tumanida sintetik giyohvandlik moddalarini ishlab chiqarish bilan shugʻullanishgan.
Binoni koʻzdan kechirish vaqtida bu yerdan 56 ta oʻramda salkam 26 kg «Mefedron» giyohvandlik moddasi, 400 kg xomashyo topilgan.
Tekshiruv ishlari davomida giyohvandlik moddalarini tayyorlashda ishlatiladigan asbob-uskunalar xorijdan keltirilgani, «tayyor mahsulot» internet orqali sotilgani aniqlangan.
Narkolaboratoriyadan topilgan xomashyo 80 ming «doza»ga yetishi, qora bozordagi narxi 900 ming dollarga teng ekani va undan 50 kg giyohvand modda tayyorlash mumkinligi maʼlum boʻlgan.
Ayni vaqtda holat yuzasidan JKning 246 va 273-moddalari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan. Dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.