Janubiy Koreya universiteti O‘zbekiston fuqarolari uchun magistratura dasturini yo‘lga qo‘yadi
Seul Milliy Fan va Texnologiya Universiteti (aSSIST) O‘zbekiston oliy o‘quv yurtlari bitiruvchilari uchun magistratura dasturini yaratadi. O‘qishni tamomlagach, ular Janubiy Koreyada qolib ishlashlari mumkin bo‘ladi. Bu haqda O‘zbekiston delegatsiyasining Janubiy Koreyaga safari chog‘ida ma’lum qilindi.
Muzokaralar yakunida tomonlar hamkorlik memorandumini imzoladilar. Magistratura bosqichida o‘qiyotgan talabalarga stipendiya ajratiladi. Trening onlayn tarzda o’tkaziladi.
Hujjatga ko‘ra, Koreyada ishlash istagida bo‘lgan O‘zbekiston fuqarolarini qo‘shimcha kasbiy tayyorlash loyihasi ham yo‘lga qo‘yiladi. Bakalavr diplomi egalariga keyingi oliy maʼlumot olish imkoniyatini berish rejalashtirilgan.
Shuningdek, koreys tili o‘qituvchilari uchun malaka oshirishni tashkil etish, O‘zR’da til va IT bo‘yicha maxsus kurslarni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, universitetda yuqori malakali kadrlar tayyorlash bo‘yicha maxsus dasturlar ishlab chiqiladi. O‘qishni tugatgandan so‘ng ular E7 vizasi bo‘yicha Koreyada ishga kirishi mumkin bo‘ladi.
Eslatib o‘tamiz, Guliston shahrida Janubiy Koreyaning Sonmun universiteti filiali ochilishi haqida xabar berilgan edi. Trening IT va sun’iy intellekt bilan bog‘liq beshta yo’nalishda tashkil etiladi.