Mahalla nufuzini mustahkamlagani uchun 40 nafarga yaqin fuqaro taqdirlandi
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev «Mahalla tizimi xodimlari kuni munosabati bilan bir guruh yurtdoshlarimizni mukofotlash toʻgʻrisida»gi farmonni imzoladi.
Mukofotlanganlar ro‘yxatiga jami 38 nafar fuqaro kiritilgan. Mukofotlar orasida — «Mehnat shuhrati», «Do‘stlik», «Sog‘lom avlod uchun», «Salomatlik» ordenlari, hamda «Sog‘lom turmush», «Kelajak bunyodkori», «Shuhrat», «Jasorat» va «Sodiq xizmatlari uchun» medallari bor.
Hujjatda ular nafaqat mahalla mavqeini mustahkamlagani, balki ko‘p asrlik an’analarni asrab-avaylash, xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik va hamjihatlik muhitini mustahkamlash, oila institutini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilgani uchun ham mukofotlangani aytiladi.
Mukofotlarga sazovor bo‘lganlar orasida fuqarolar yig‘inlari raislari, feldsher, profilaktika inspektori, hamshira ham bor.
Avvalroq «Kursiv» Shavkat Mirziyoyev 8-mart bayrami munosabati bilan yuzdan ortiq ayollarni mukofotlash to‘g‘risidagi farmonni imzolagani haqida yozgan edi.