“Bunyodkor” Rivaldo va Denilson ishi boʻyicha bir necha yillik kelishuvga erishdi

eʼlon qilindi
Yangiliklar muharriri
O‘zbekiston klubi futbolchilar bilan kelishuvga erishdi
Foto: Tribuna.uz

Toshkentning «Bunyodkor» futbol klubi braziliyalik futbolchilar Rivaldo va Denilson oldidagi qarzdorlikni uzish boʻyicha kelishuvga erishdi.

Eslatib oʻtamiz, 7-fevral kuni Xalqaro futbol assotsiatsiyasi (FIFA) «Bunyodkor»ning sobiq futbolchilari Rivaldo va Denilsonning shikoyatlari asosida yangi ish qoʻzgʻatib, 15 kun ichida klub futbolchilar oldidagi qarzdorlik majburiyatlarini bajarishi shartligi haqida qaror qabul qilgan.

FIFA qaroriga koʻra, «Bunyodkor» Rivaldoga 8,16 million yevro, Denilson esa $1,11 mlnni 7-aprel kunigacha toʻlab berishi kerak edi.

Osiyo Futbol Konfederatsiyasining litsenziyalash talablariga koʻra, professional futbol klubi 31-martgacha qarzdorlik masalalarini hal qilishi kerak edi. Muzokaralar natijasida 31-mart kuni tomonlar kelishuvga erishdi va jamoa kerakli hujjatlarni litsenziyalash platformasiga yuklashga muvaffaq boʻldi.

Yangi kelishuvga koʻra, toʻlanishi kerak boʻlgan summalar sezilarli darajada qisqartirildi. Bundan tashqari, kelishilgan summa Denilsonga 2026-yilgacha uchga boʻlib toʻlanadi. Rivaldo bilan hisob-kitoblar esa 2028-yilgacha yiliga bir martadan etib belgilandi.

Eslatib oʻtamiz, Rivaldo 2008-yildan 2010-yilga qadar «Bunyodkor» sharafini himoya qilgan. Denilson esa 2010-yilda klub safida toʻp surgan.

Shuningdek