Qaysi xizmat ko‘rsatuvchi kompaniyalar byudjetga eng ko‘p pul olib keldi
Joriy yilning birinchi choragi yakuniga ko‘ra, «O‘zbektelekom» AK xizmat ko‘rsatish sohasida eng yirik soliq to‘lovchi bo‘lib, g‘aznaga 361,6 mlrd so‘m mablag‘ o‘tkazdi.
Keyingi o‘rinlarda «Asia Trans Gas» O‘zbekiston – Xitoy energetika kompaniyasi va «Unitel» («Beeline Uzbekistan») – mos ravishda 167,8 mlrd va 146,2 mlrd so‘m.
Umuman olganda, ushbu davrda xizmat ko‘rsatish va servis sohasida faoliyat yurituvchi korxonalar tomonidan g‘aznaga 6,7 trln so‘mdan ortiq soliqlar to‘langan, deyiladi Soliq qo‘mitasi hisobotida.
Shu bilan birga, barcha to‘lovlarning 22,5 foizi 20 ta korxona tomonidan to‘langan. Pul bilan ifodalanganda bu ko‘rsatkich 1,5 trln so‘mdan ortiqni tashkil etdi. Shundan 506,3 mlrd so‘mi QQS, 271,8 mlrd so‘mi foyda solig‘i, 238,2 mlrd so‘mi aksiz solig‘i hissasiga to‘g‘ri keldi.
Avvalroq «Kursiv» bukmekerlik idoralaridan olinadigan soliq har yili O‘zbekiston byudjetiga $6 millionga yaqin daromad keltirishini yozgan edi.