May oyi oxiridan Toshkentda qator chorrahalar va koʻchalarni ta’mirlash ishlari boshlanadi
Toshkent shahar hokimligi poytaxtning qator chorrahalari va koʻchalarini ta’mirlash hamda rekonstruksiya qilish boʻyicha keng koʻlamli ishlar boshlanishini ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, ishlarning asosiy qismi joriy yilning may oyidan sentabrigacha – maktablar va oliy oʻquv yurtlarida ta’til paytida amalga oshiriladi.
«Ishlar, asosan, tungi vaqtda bajariladi. Poytaxtimizdagi piyodalar va haydovchilar bu ishlarning ogʻirligini his qilmasliklari uchun barcha imkoniyatlarimizni ishga solamiz», deyiladi hokimlik xabarida.
Ish birinchi marta keng koʻlamda, yangi qoplama (ShMA) turlaridan foydalangan holda amalga oshiriladi. Shu bilan birga, yer osti kommunikatsiyalari ham tekshiriladi.
Avvalroq «Kursiv» Toshkentdagi koʻchalardan biri bir oydan ortiq muddatga yopilgani haqida xabar bergan edi.