“Boxo Zavxoz”ga tovlamachilik uchun o‘n yil qamoq jazosi berilgan
«Boxo Zavxoz» va «Terminator» laqablari bilan tanilgan Bahodir Sultonov o‘ta yirik miqdorda tovlamachilikda ayblanib, o‘n yilga ozodlikdan mahrum etildi, deb yozadi UzNews.
Uning sherigi Navoiy shahridagi avtosalon direktori Niyoz Ibodov esa to‘rt yilga qamaldi. Hukm 16-may kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Olmazor tumani sudi tomonidan chiqarilgan.
Sud, shuningdek, Sultonovni xavfli retsidivist deb qaror qildi.
1994-yilda Bahodir Sultonov eski jinoyat kodeksi bo‘yicha o‘lim jazosiga hukm qilingan. Biroq Jinoyat kodeksi qayta ko‘rib chiqilgach, uning o‘lim jazosi 20 yillik qamoq jazosi bilan almashtirildi. U 2016-yilda ozodlikka chiqdi.
OAV Sultonovni biznesmen va AIBA xalqaro boks federatsiyasi prezidenti G‘ofur Rahimovning hamkori deb hisoblaydi.
«Boxo Zavxoz» o‘tgan yilning noyabr oyida huquq-tartibot idoralari xodimlari tomonidan o‘tkazilgan ommaviy reyd chog‘ida qo‘lga olingan edi. O‘shanda o‘zbekistonlik jinoyatchilarining 200 dan ortiq vakillari panjara ortida, jumladan, yagona «vor zakon» bo‘lgan Baxtiyor Qudratullayev «Baxti Tashkentskiy» ham bor edi.