Germaniya afgʻonistonliklarni Oʻzbekiston orqali oʻz vataniga qaytarmoqchi
Germaniya hukumati Oʻzbekiston bilan afgʻonistonlik qochqinlarni Oʻzbekiston orqali oʻz vatanlariga joʻnatishni muhokama qilmoqda. Bu haqda «Bloomberg» nashri xabar berdi.
Nashr manbalariga koʻra, joriy yilning may oyida Germaniya delegatsiyasi «Migratsiya pakti»ni muhokama qilish uchun Toshkentga tashrif buyurgan. Nashrning qayd etishicha, bu boradagi muzokaralar hali yakuniga etmagan.
Bunday qadam Berlinga Afgʻonistonning amaldagi hukumati Tolibon bilan toʻgʻridan-toʻgʻri muzokaralarga kirishmaslikka imkon beradi.
Berlin Oʻzbekiston orqali cheklangan miqdordagi afgʻon qochqinlarini yuborishi kutilmoqda. Bu yerdan afgʻonistonliklar oʻz vataniga joʻnatiladi.
Oʻzbekiston hukumati bu taklifni koʻrib chiqmoqda, lekin Toshkentda ular ushbu paktda Oʻzbekiston fuqarolarining Germaniyada qonuniy mehnat migratsiyasiga ruxsat berishni talab qilmoqda.
Bloomberg manbalarining qoʻshimcha qilishicha, Germaniya hukumatining migratsiya kelishuvlari boʻyicha maxsus vakili Yoaxim Shtemp ushbu masalani muhokama qilish uchun Oʻzbekistonga tashrif buyuradi.
Avvalroq «Kursiv» may oyi oxirida Oʻzbekiston Afgʻonistonga insonparvarlik yordami yuborgani haqida xabar bergan edi.