Xususiy universitetlarga litsenziya berilmayapti – Oliy ta‘lim, fan va innovatsiyalar vaziri
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Kongratbay Sharipov xususiy universitetlarga litsenziya berish to‘xtatilganini aytdi. Bu haqda u YouTube’dagi «Lolazor» loyihasida ma’lum qildi.
«Biz xususiy universitet ochmaymiz desak, talabalar chet elga ketadi. Hozirning o‘zida shuncha xususiy OTM ochilganidan keyin ham 110 ming talaba chetda o‘qiyapti. Ularning soni 500 ming ham bo‘lishi mumkin edi… Bir tomondan, xususiy universitetlar balansni ushlab turibdi, deb o‘ylayman. Lekin xususiy ekan deb buni ochaversak, u esa yetarli ta’lim sifatini bermasa, bu yaxshi emas. Oxirida chiqqan kadr yana ishsiz qolib ketadi. Jamiyatda ishsiz oliy ma’lumotlilar ko‘payib ketishi mumkin. Hozir xususiy universitetlarga litsenziya berish to‘xtatildi. Bor universitetlar bilan ta’lim nuqtai nazaridan ishlanmoqda», dedi vazir.
Vazirning so‘zlariga ko‘ra, ayni paytda respublika bo‘ylab 67 ta xususiy universitet faoliyat yuritmoqda. Muammolari bilan orqada qolayotganlariga vazirlik tomonidan xat yuborilmoqda. Vaziyat yaxshilangach yana o‘z faoliyatida davom etmoqda, muammolilari esa sudga berilmoqda. Sudda oqlanmagan OTMlar litsenziyasidan mahrum qilinmoqda. Shu bilan birga, vazir xususiy OTMning yopilishi tarafdori emasligini ham qo‘shimcha qildi.
Vazirning yana ma’lum qilishicha, 2023-yilning oktabr oyida oxirgi marta xususiy OTMga litsenziya taqdim etilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Oʻzbekistonda litsenziyasidan mahrum boʻlgan universitetlar haqida xabar bergan edik.