Oliy ta’lim muassasalari va ta’lim yoʻnalishlarini tanlash boshlandi

eʼlon qilindi ( yangilandi)
Bu haqda Bilim va malakalarni baholash agentligi xabar berdi
Foto: arrow_smith2 / depositphotos.com

Oliy va professional ta’lim muassasalariga kirish test sinovlarida ishtirok etgan abituriyentlar 27-iyuldan 10-avgustga qadar 15-kun davomida oliy ta’lim muassasalari va ta’lim yoʻnalishlarini tanlashlari kerak. Bu haqda Bilim va malakalarni baholash agentligi xabar berdi.

Buning uchun my.uzbmb.uz platformasining «Oliy va professional ta’lim muassasalariga qabul» boʻlimiga kirib, «Xizmatdan foydalanish» tugmasi bosiladi va «OTM tanlash» boʻlimiga oʻtiladi. Dastlab abituriyent «Tanlov ustuvorligi» va «Maqsadli qabul» boʻyicha oʻz tanlovini amalga oshiradi.

Shundan soʻng abituriyent test topshirgan fanlar majmuasi va ta’lim tiliga mos boʻlgan beshtagacha oliy ta’lim muassasasi va ta’lim yoʻnalishini ta’lim shakli bilan birga tanlaydi.

Bunda ta’lim yoʻnalishlarini bir oliy ta’lim muassasasi yoki turli oliy ta’lim muassasalari doirasida tanlash mumkin.

Ta’lim yoʻnalishlarini tanlab, «Saqlash» tugmasi bosilgandan soʻng ma’lumotlarni tasdiqlash uchun abituriyentning telefon raqamiga SMS xabar yuboriladi. SMS xabardagi kodni dasturga kiritish orqali ma’lumotlar tasdiqlanadi.

Ma’lumotlar tasdiqlanganidan soʻng «Abituriyent qayd varaqasi» shakllanadi. Qayd varaqada abituriyent tanlagan tanlov ustuvorligi, ta’lim shakllari, oliy ta’lim muassasalari va ta’lim yoʻnalishlari aks etgan boʻladi. Yuklab olish tugmasi orqali abituriyent qayd varaqasini yuklab olishi mumkin.

Abituriyentlar ta’lim yoʻnalishlarini tanlash muddati yakunlangunga qadar oʻz ma’lumotlarini oʻzgartirishlari va qayd varaqasini qayta yuklab olishlari mumkin. Talabalikka tavsiya etilgan yoki etilmagani toʻgʻrisidagi yakuniy tanlov natijalari ta’lim yoʻnalishlarini tanlash toʻliq yakunlangandan soʻng bir hafta muddatda e’lon qilinadi.

Avvalroq «Kursiv» qancha abituriyent imtihonlardan oʻta olmagani ma’lum boʻlgani haqida xabar bergan edi.

Shuningdek