O‘zbekistonda 1 mln ishchi 5 mln soʻmdan koʻp maosh oladi – prezident
Prezidentning tadbirkorlar bilan ochiq muloqotida xususiy sektorlarda yuqori maoshga ishlayotgan ichshilar sonining ortgani haqida so‘z bordi. Bu haqda prezident matbuot kotibi xabar berdi.
Unga ko‘ra, hozirgi kunda 100 tadan ortiq ishchisi bor korxonalar 3 mingga yetgan. Ulardagi ish oʻrni bir yilda 440 mingtaga ortgan.
Xususiy sektorda 5 mln soʻmdan koʻp maosh oladigan ishchilar 1 mlndan oshdi. Shundan 370 mingi 10 mln soʻmdan ziyod oylik olmoqda.
Shuningdek, tadbirkorlik reytingida «A» va «B» – yaxshi toifaga kiruvchi korxonalar 91 mingga koʻpaydi. 170 ming korxona «D» – eng yomon toifadan chiqarildi. Buning hisobiga soliq tekshiruvlari 2023-yilga qaraganda 2 karra, kameral tekshiruvlar 3 karra kamaydi.
Ushbu davrda yirik soliq toʻlovchilar tushumlari 10 %, viloyat darajasidagi korxonalarda 25 %, tuman tadbirkorlari toʻlayotgan soliqlar 40 % ga oʻsdi.
Olti oyda toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiya hajmi oʻtgan yilga nisbatan 2 karra oʻsib, 14 mlrd dollarni tashkil qilmoqda.
Bu – investorlarning Oʻzbekistonda biznes qilishga ishonchi ortib borayotganidan dalolat.