Makron Durovga Telegramni Parijga o‘tkazishni taklif qildi – WSJ
Olti yil oldin Emmanuel Makron Telegram asoschisi Pavel Durov bilan tushlik qilgan va unga kompaniya ofisini Parijga ko‘chirishni taklif qilgan, deb xabar beradi The Wall Street Journal (WSJ).
Nashr manbalarining ta’kidlashicha, norasmiy suhbat 2018-yilda, Telegram Rossiyada bloklanganidan ko‘p o‘tmay bo‘lib o‘tgan. O‘shanda Makron Durovga Fransiya fuqaroligini va’da qilgandi. Ammo tadbirkor rad javobini berdi. Durov Telegramni Dubayda ro‘yxatdan o‘tkazgan, 2021-yilda esa Fransiya va BAA pasportlarini olgan.
WSJning ta’kidlashicha, Durov va Makronning suhbatidan bir yil oldin fransuz razvedka xizmatlari BAAdagi hamkasblari bilan birga biznesmenni ta’qib qilgan va hatto uning iPhone’ini buzishga muvaffaq bo‘lgan. O‘shanda razvedka xodimlarini Yaqin Sharqdagi terrorchi guruhlar jangarilari va Yevropadagi radikal siyosiy harakatlar messenjerdan foydalanayotgani xavotirga solgan edi.
24-avgust, shanba kuni Pavel Durov Fransiyaning Le Burje aeroportida qo‘lga olingan edi. Keyinroq Makron tadbirkorni hibsga olishda siyosiy sabablar yo‘qligini ma’lum qildi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Durovning hibsga olinishi Telegram yuklab olishlar sonini oshirgani haqida yozgan edi.