Nima uchun samolyot chiptalari poezd chiptalaridan arzonroq bo‘lishi mumkin
«O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi» AJ direktori Sharafiddin Kadirov hamda mas’ul xodimlar tomonidan temir yo‘l chiptalarining narxlari masalasiga oydinlik kiritildi.
Ta’kidlanishicha, 2018-yildan 2023-yilgacha temir yo‘l chipta narxlarida o‘sish kuzatilmagan. 2023–2024-yilga kelib Afrosiyob poyezdlari uchun chipta narxlari 140 foizga, Andijon – Toshkent yo‘lovchi poyezdlari chipta narxlari 66 foizga oshgan, mahalliy yo‘nalishda harakatlanuvchi poyezdlarning chipta narxi 33 foizga ortgan.
Shuningdek, boshqa mamlakatlar bilan chipta narxlari solishtirilganda O‘zbekistonda Afrosiyob ekonom chipta narxi 19,4 dollarni tashkil qilsa, xuddi shu turdagi poyezd chipta narxi Rossiyada 34,7 dollarni, Ispaniyada esa 77,9 dollarni tashkil qiladi.
Matbuot anjumanida muxbir tomonidan samalyot chipta narxlari bilan poyezd chipta narxlari orasidagi farqlarni barqarorlashtirish bo‘yicha qanday ishlar amalga oshirilayotganligi haqida so‘raldi.
Misol tariqasida Toshkent – Termiz yo‘nalishi olindi. Mutasaddilarning ta’kidlashicha, bir kunda bir nechta aviaqatnov amalga oshirilishi hisobiga narxlar bir xil saqlanib qolmaydi. Poyezd qatnovida esa narxlar muntazam saqlanib turadi, ya’ni chiptalarni 60 kun ichida bir xil narxlarda xarid qilish mumkin.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan joriy yilning dastlabki 6 oy davomida «O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi» AJning daromadi oshgani haqida xabar bergan edi.