Ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar Rossiyadan O‘zbekistonga qaytarildi
Rossiyaning Sankt-Peterburg shahridan 14 nafar o‘zbekistonlik bolalar Vatanga qaytarildi, deb xabar berdi «Dunyo» axborot agentligi.
Bunga O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi va Ichki ishlar vazirligi, shuningdek, Sankt-Peterburgdagi voyaga yetmaganlarni vaqtincha parvarishlash va saqlash muassasasining mas’ul xodimlari bilan o‘zaro hamkorligi tufayli erishildi.
«Dunyo» ma’lumotlariga ko‘ra, bolalarning yaqin qarindoshlarining aksariyati oldin Rossiyadan deportatsiya qilingan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning avgust oyida 31 nafar bola Rossiyadan O‘zbekistonga qaytarilgan edi. Ularning barchasi ota-onasining nazoratisiz qolgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan O‘zbekiston fuqarolarini Istanbuldagi soxta maktablarda bolalarni o‘qitish xavfi haqida ogohlantirgani haqida yozgan edi.