Davlat xizmatchilarining tadbirkorlik bilan shug‘ullanganlik holatiga chek qo‘yildi
Hukumat tashkilotlarida tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanganlik holati bo‘yicha 398 nafar boshqaruv xodimlari aniqlandi. Ushbu holat haqida Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi xabar berdi.
Xabarda ma’lum qilinishicha, 449 ta tadbirkorlik subyekti faoliyatida qurilish, suv xo‘jaligi hamda qishloq xo‘jaligi vazirliklari hamda vazirliklarning tizim tashkilotlari boshqaruv xodimlari tomonidan ta’sischilik asosida faoliyat yuritib kelayotgani aniqlangan.
Ushbu subyektlardan 339 tasida 279 nafar xodim qishloq xo‘jaligi vazirligidan, 35 ta subyektda esa, suv xo‘jaligi vazirligidan 26 nafar boshqaruv xodimi faoliyat yuritayotgani aniqlangan.
Holat yuzasidan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan vazirliklarga tegishli tartibda taqdimnomalar kiritilib, holatga chek qo‘yilgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan mamlakatning uchta tumanida korrupsiya holatlari aniqlangani haqida xabar bergan edi.