Top Gear France teleshousi O‘zbekiston haqida maxsus ko‘rsatuv tayyorlaydi
O‘zbekistonda mashhur Top Gear France teleshousining epizodini suratga olish rejalashtirilgan. Bu haqda Parijda Turizm qo‘mitasi raisi Umid Shadiyev va Fransiyaning BBC Studios telekanali ijrochi prodyuseri Jek Tomas-Richard o‘rtasida bo‘lib o‘tgan muzokaralarda ma’lum bo‘ldi.
Fransiya tomoni O‘zbekistonning Parijdagi elchixonasi bilan birgalikda 2024-yil oxirigacha O‘zbekistonga bag‘ishlangan ko‘rsatuvning maxsus soni ustida ish boshlanganini ma’lum qildi.
Shu munosabat bilan sentabr oyi oxirida BBC Studios France delegatsiyasining O‘zbekistonga tashrifi rejalashtirilgan.
Top Gear France – bu mashhur avtomobillar haqida teleshou hisoblanadi. U birinchi marta 2015-yil 18-martda RMC Découverte kanalida efirga chiqqan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Yaponiya teleshousi O‘zbekiston haqida maxsus ko‘rsatuvlar tayyorlagani haqida yozgan edi.