Investorlar yer qa’ridan foydalanish litsenziyasini sotishlari mumkin boʻladi
Senatning ellik yettinchi yalpi majlisida «Yer qa’ri to‘g‘risida»gi qonun loyihasi ma’qullandi, deb xabar berdi Kursiv Uzbekistan muxbiri.
Mazkur qonun orqali yer osti boyliklariga egalik qilish va ularni tasarruf etish hamda yer qa’ridan foydalanish hamda uni muhofaza qilish chog‘ida yuzaga keladigan munosabatlar tartibga solinadi.
Loyihada ta’kidlanishicha, yer qa’ridan foydalanish uchun ruxsatnoma olish, hisobotlarni taqdim etish bilan bog‘liq harakatlarda «yagona darcha» tizimi takomillashtirilmoqda.
«Qonunda sohaning investitsiyalar jalb etuvchanligini keskin oshirish maqsadida davlat organi nazorati ostida yer qa’ridan foydalanish ruxsatnomasini litsenziat tomonidan tasarruf etish (sotish, garovga qo‘yish yoki boshqa shaxslarga o‘tkazish) mexanizmi joriy etilmoqda», deyiladi Senat xabarida.
Yana yunior kompaniyalar uchun dastlabki geologik o‘rganish bosqichi normalari alohida ajratiladi.
«Qonunda noruda xomashyo konlarini qidirib topish va o‘zlashtirishga oid normalar kuchaytirilmoqda», deyiladi Senat rasmiy sahifasida.
Noruda qazilmalarni geologik jihatdan o‘rganish va qazib olish uchun ruxsatnomalar rasmiylashtirishning aniq tartibi hamda yer qa’ridan foydalanuvchilarning huquq va majburiyatlari belgilanib, davriy va yakuniy hisobotlarni taqdim qilish, qazilmalarni geologik jihatdan o‘rganish hamda qazib olishning yillik minimal xarajatlari qayd etilmoqda.
Qonunda ekologiya va atrof-muhitni kelgusida kafolatli asrash maqsadida yer qa’ridan foydalanishda ekologik xavfsizlikni ta’minlashning qoidalari, yer qa’ridan foydalanish oqibatlarini bartaraf etishning talab va mexanizmlari nazarda tutilmoqda.
Qonun bilan uran qazib olish va shu bilan bog‘liq jarayonda radiatsiyaviy xavfsizlik, shuningdek, Xalqaro atom energetikasi (MAGATE) talablari bilan bog‘liq holda qo‘shimcha alohida talablar belgilanmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Senat tomonidan aholiga psixologik yordam ko‘rsatishga oid qonun loyihasi ma’qullangani haqida xabar bergan edi.