Umra tadbirlarini tashkil qilayotgan turoperatorlar ogohlantirildi
Hozirgi vaqtda Umra tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish bilan bog‘liq xizmatlarni ko‘rsatishda litsenziyasiz faoliyat olib borish qonunchilikka binoan javobgarlikka tortiladi. Bu haqda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, turoperatorlar tomonidan oktabr-dekabr oylarida Umra ziyoratiga yuborish bo‘yicha xizmatlar keng reklama qilinayotgani qayd etilmoqda.
O‘RQ-935-son qarorga asosan litsenziyaga ega bo‘lgan turoperatorlar tomonidan «Umra» tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha xizmatlarni ko‘rsatish joriy yil 5-oktyabrgacha amalga oshiriladi.
Shuningdek, joriy yil 5-oktabridan so‘ng Umra xizmatini ko‘rsatish bo‘yicha barcha turdagi faoliyat nolegal hisoblanadi.
Bu kabi qoidabuzarlik uchun yuridik shaxslarga solinadigan jarima miqdori bazaviy hisoblash miqdorining 2000 baravarida ya’ni 68 mln so‘m qilib belgilangan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Kursiv Uzbekistan Umra mavsumi 10-sentyabrdan boshlanishi haqida xabar bergan edi.