Alisher Usmonov Germaniyaning ARD telekanaliga qarshi sudda g‘alaba qozondi
O‘zbekistonda tug‘ilgan rossiyalik milliarder Alisher Usmonov Xalqaro qilichbozlik federatsiyasida (FIE) «hakamlarni pora berish tizimini» yaratganini da’vo qilgan Germaniyaning ARD telekanali ustidan qonuniy g‘alaba qozondi. Bu haqda EU Today ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, Germaniya televideniyesi (ARD) avgust oyida e’lon qilgan ikkita maqola va videoreportajda jurnalist Xans-Yoaxim «Xajo» Seppelt Usmonovni qilichbozlikda «hakamlarga pora berish» tizimini yaratishda aybladi.
Usmonov 2008-yildan 2022-yilgacha FIE prezidenti lavozimida ishlagan. O‘shanda u Yevropa Ittifoqi sanksiyalariga uchraganidan so‘ng o‘z ixtiyori bilan o‘z lavozimidan voz kechgan edi.
25-sentabr kuni Germaniyaning Gamburg viloyat sudi ARDning Usmonov haqidagi bayonotlariga qarshi qaror chiqardi. Sud ARD hisobotlaridagi ma’lumotni yolg‘on deb topdi va uni «shubhaga asoslangan xabarlarga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydigan» sifatida tarqatishni taqiqlab, cheklash buyrug‘i chiqardi, deyiladi bayonotda.
Milliarderning advokatlari avvalroq Yevropa Ittifoqi sudida u jamoat arbobi sifatida yuqori ko‘rinishga ega bo‘lgani uchun amaldorlar tomonidan «o‘lja»ga aylangani va Rossiyaning eng badavlat kishilaridan biri sifatidagi obro‘si uni sanksiyalar uchun asosiy nomzod qilib qo‘yganini aytgan edi.
Rossiya va O‘zbekiston fuqaroligiga ega bo‘lgan Usmonov, asosan, vatani O‘zbekistonda istiqomat qilishi aytiladi. U o‘zining xayriya loyihalariga e’tibor qaratish uchun tadbirkorlik faoliyatidan nafaqaga chiqqanini aytdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Alisher Usmonovning boyligini $15,4 milliardga baholangan edi.