AQShning davlat qarzi ikki kun ichida qariyb $350 milliardga oshdi
AQShning davlat qarzi yangi moliyaviy yil boshlanishi bilan rekord darajada, ya’ni $347,6 milliard oshdi. Bu haqda AQSh Moliya vazirligi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, AQShda federal hukumatning moliyaviy yili 1-oktabrdan 30-sentabrgacha davom etadi. Unga koʻra, eski moliyaviy yilning oxirida, ya’ni 30-sentabrda, qarz $143,3 milliard, 1-oktabrda esa yana $204,3 milliard oshgan. Natijada AQShning umumiy qarzi rekord darajadagi $35,67 trillionga yetdi.
Moliyaviy yilda sodir boʻlgan oʻzgarish AQSh davlat qarzi tarixidagi eng koʻpiga aylandi. Oʻtgan yili moliya yili boshida davlat qarzining oʻsishi ikki kun ichida $315,7 milliardni, 2022-yilda esa $252,5 milliardni tashkil qilgan edi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan AQShning davlat qarzi $34 trilliondan oshgani haqida xabar bergan edi.