Aksiyadorlik jamiyatlari xodimlari endilikda aksiyalarga egalik qilishlari mumkin boʻladi
Oʻzbekistonda aksiyadorlik jamiyatlari xodimlarining aksiyalarga egalik qilish rejasini joriy etish tartibi tasdiqlandi. Bu haqda Istiqbolli loyihalar milliy agentligi (ILMA) xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, bunday qaror davlat rahbari tashabbusi bilan fuqarolar farovonligini oshirish va qimmatli qogʻozlar bozorini rivojlantirishga qaratilgan islohotlar doirasida qabul qilindi.
ILMA tomonidan ishlab chiqilgan aksiyalarga egalik qilish rejasi toʻgʻrisidagi nizom xalqaro tajribaga asoslangan va xodimlarning aksiyalarga egalik rejasi (ESOP) amaliyotini joriy etishga qaratilgan. Unda xodimlarning aksiyalarni sotib olish shartlari belgilangan va davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq boʻlgan aksiyadorlik jamiyatlaridan tegishli rejalar ishlab chiqish talab etiladi.
Shuningdek, yangi qoidalar xodimlar va kompaniyalar oʻrtasidagi munosabatlarni yaxshilash, barqarorlik va samaradorlikni oshirishga yordam berishi kutilmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan ILMA «Omad Sugʻurta» va «Japan DXT» kripto-depozitariy kompaniyalarining litsenziyasini toʻxtatgani haqida xabar bergan edi.