Hozirda ayol-qizlarning ta’limdagi ulushi har qachongidan yuqori – Qoʻngʻirotboy Sharipov
Har yilning 11-oktabr kuni Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan Xalqaro qizlar kuni etib belgilangan. Shu munosabat bilan 10-oktabr kuni Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan «Sening tashabbusing – sening kelajaging uchun» shiori ostida «Qizlarjon» klubi forumi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Vazirlik rasmiy sahifasida ma’lum qilindi.
Unga ko‘ra, mamlakatimizdagi 1,4 mln talabadan 747 ming nafari, magistratura bosqichida oʻqishini davom ettirayotgan 36,4 ming talabadan esa 22,8 ming nafari xotin-qizlardir. Magistratura bosqichiga oʻqishga qabul qilingan talaba-qizlarimizga kontrakt toʻlovlarining davlat tomonidan toʻlab berilishi uchun har yili budjetdan 200 mlrd soʻm ajratilmoqda. Bu esa xotin-qizlarning ta’limdagi qamrovi yildan-yilga o‘sishiga zamin bo‘ldi.
«Ayniqsa, ta’lim sohasida xotin-qizlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Hozirda ayol-qizlarning ta’limdagi ulushi har qachongidan yuqori va bu koʻrsatkich yildan-yilga oshib borayotgani barchamizni quvontiradi. Qizlarimizning ta’lim olishga, ilmga tashnaligi yurtimiz kelajagi poydevoridir. Sizlarning har biringiz ilm-fan, san’at, madaniyat, iqtisodiyot va boshqa sohalarga ulkan yutuqlarimiz nishonasidirsizlar», – dedi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qoʻngʻirotboy Sharipov.
Shuningdek, har yili ehtiyojmand oilaning 2 ming nafar xotin-qizlariga davlat granti asosida oliy ta’lim muassasalarda oʻqish imkoniyati taqdim etilmoqda. Bu orqali 7 mingga yaqin xotin-qizlar davlat granti asosida oliy ta’lim oʻqishga qabul qilindi.
Shu bilan birga, vazirlik tomonidan yosh olimalar, iqtidorli talaba-magistrlardan iborat boʻlgan «Olima ayollar grantlari» va boshqa bir qator innovatsion loyihalar tashkil etilib kelinmoqda.
Ma’lumot uchun, har yilning 11-oktabr kuni Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan Xalqaro qizlar kuni etib belgilangan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Oʻzbekistonda oliy oʻquv yurtlarida tahsil olayotgan xotin-qizlarning ulushi 50 foizga yetgani haqida yozgan edik.