O‘zbekistonda 481 mingdan ortiq ish beruvchilar xodimlarini sug‘urtalamagan – Bandlik vazirligi
O‘zbekistonda 481 mingdan ortiq ish beruvchi o‘z xodimlarini sug‘urtalamagan. Bu haqda Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Bulardan eng ko‘p qoidabuzarlik holati Toshkent shahri, Samarqand, Toshkent va Farg‘ona viloyatlarida qayd etilgan. Eng kam buzilishlar esa Sirdaryo va Jizzax viloyatlarida kuzatilgan.
Bu borada qabul qilingan qonunga ko‘ra, ish beruvchilar xodimlarini baxtsiz hodisalar, kasbiy kasalliklar va sog‘liqqa boshqa xavf tug‘diruvchi holatlardan sug‘urtalashi shart. Sug‘urta tariflari davlat tomonidan belgilanadi.
Eslatib o‘tamiz, xodimlarini sug‘urtalamagan ish beruvchilar 3,8 mln so‘mdan 5,6 mln so‘mgacha jarimaga tortilishi mumkin.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan O‘zbekiston xalqaro mehnat xavfsizligi bo‘yicha konvensiyani ratifikatsiya qilgani haqida xabar bergan edi.