Uzum Market 200 dan ortiq xotin-qizlarga tadbirkorlik asoslarini oʻrgatdi
Milliy ekotizim va Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot dasturi (BMTTD) oʻrtasidagi qoʻshma ta’lim loyihasi doirasida Uzum Market oʻz biznesini ochishni rejalashtirayotgan yoki uni rivojlantirayotgan xotin-qizlar uchun bir qator mahorat darslarini oʻtkazdi. Bu haqda kompaniya Kursiv Uzbekistanʼga ma’lum qildi.
Loyihada 2 oyi davomida Toshkent shahridagi 200 dan ortiq xotin-qizlar malaka oshirdi va tez orada mamlakatning barcha hududlarida mahorat darslari oʻtkazilishi rejalashtirilmoqda.
«Biz tadbirkorlar va endigina oʻz biznesini ochishni oʻylayotganlar orasida marketpleys biznesni rivojlantirishga katta qiziqish borligini koʻrmoqdamiz. Butun dunyo boʻylab marketpleyslar kichik va oʻrta biznes uchun birinchi qadamlarni qoʻyish, birinchi mijozlarni topish va oʻsish oson boʻlgan platformaga aylanib bormoqda», – deydi Uzum Market bosh direktori Ilshat Xametov.
BMT Taraqqiyot dasturining Oʻzbekistondagi doimiy vakili Akiko Fujiining ta’kidlashicha, mamlakat boʻylab ayollarga zamonaviy dunyoda zarur boʻlgan bilimlar – moliyaviy va raqamli savodxonlikdan tortib marketpleysda biznes yuritish koʻnikmalarigacha ega boʻlishni ta’minlash muhimdir.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Uzum xizmatlaridan O‘zbekistonning har uchinchi fuqarosi foydalanishi haqida xabar bergan edi.