ILMA yana bir sugʻurta kompaniyasini jarimaga tortdi
Euroasia Insurance kompaniyasining moliyaviy hisobotlari o‘rganilganda qonunchilik talablariga rioya qilinmagani aniqlanib, kompaniyaga 45 mln so‘m miqdorida jarima solindi. Bu haqda Istiqbolli loyihalar milliy agentligi (ILMA) ma’lum qildi.
Shuningdek, 2024-yil 17-oktabrdan boshlab kompaniyaning sug‘urta faoliyatiga oid litsenziyasi 10 kun muddatga to‘xtatildi. Ushbu muddat davomida yangi sug‘urta (qayta sug‘urta) shartnomalarini tuzish va amaldagi shartnomalarni uzaytirish taqiqlanadi.
Kompaniya ilgari tuzilgan sug‘urta shartnomalari bo‘yicha o‘z majburiyatlarini belgilangan tartibda bajarishi shart.
Eslatib o‘tamiz, «Kursiv» Oʻzbekistondagi eng yirik, samarali va tez rivojlanayotgan sugʻurta kompaniyalar reytingini tuzib chiqqan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Semurg Insurance kompaniyasida ham qonunbuzilish holatlari aniqlanib, 31,5 mln so‘m jarima qo‘llanilgani haqida xabar bergan edi.