MDH kuzatuvchilari O‘zbekistonda saylovga tayyorgarlikni qanday baholadi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga saylovoldi tashviqot kampaniyasi saylov qonunchiligi normalariga mos kelgani ta’kidlandi, deb yoziladi MDH kuzatuvchilari missiyasining oraliq hisobotida.
Kuzatuvchilarning fikricha, barcha siyosiy partiyalar va nomzodlarga raqobat uchun bir xil sharoit va imkoniyatlar yaratib berilgan.
O‘zbekistonda parlament saylovlari 27-oktabr, yakshanba kuni bo‘lib o‘tadi. Respublikada 208 ta tuman va shahar saylov komissiyalari, 11 mingdan ortiq uchastka saylov komissiyalari tuzildi. Xorijda 57 ta saylov uchastkasi tashkil etildi.
Mamlakatda MDHdan o‘n nafar kuzatuvchi uzoq muddatli asosda faoliyat yuritmoqda. Hamdo‘stlik mamlakatlari vakillari Toshkent shahri va respublikaning to‘qqizta mintaqasidagi saylov uchastkalari faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan oktabr oyi boshida O‘zbekiston siyosiy partiyalarining iqtisodiyot masalalari bo‘yicha saylovoldi munozaralari qanday o‘tgani haqida yozgan edi.