Antimonopoliya Express24 va Yandex oʻrtasidagi bitimni tekshirishi kerak – Bakirov
Iqtisodchi Otabek Bakirov o‘zining Telegram kanalida Yandex Uzbekistan va Express 24 yetkazib berish xizmati o‘rtasidagi bitimni monopoliyaga qarshi qonunlar bo‘yicha tekshirishni so‘rab murojaat qildi.
Bakirovning ta’kidlashicha, mahalliy oziq-ovqat va mahsulot yetkazib berish bozori to‘liq ikki yirik kompaniyaning nazorati ostida qolishi mumkin. Bunday holat iste’molchilar uchun xavf tug‘dirishi va bozorda ustun mavqega ega firmalar o‘rtasida til biriktirish ehtimolini oshirishi mumkin.
«Yuqori konsentratsiya ishtirokchilari osongina til biriktira oladilar, osongina kelishib olish orqali ular endi raqobatchilar emas, iste’molchilarni birgalikda talovchi hamkorlarga aylanishadi», – deydi iqtisodchi.
Uning fikricha, bunday bitimlar monopoliyaga qarshi komissiya tomonidan tartibga solinishi kerak. Yandex va Express24’ning birlashishiga faqat bozorga yana ikki kuchli raqib kirgan taqdirdagina ruxsat berilishi mumkin.
«Darvoqe, nega Raqobat qo‘mitasi Yandex’ni yetkazib berish xizmatlari bo‘yicha ustuvor mavqega ega kompaniyalar ro‘yxatiga kiritmagan?» – dedi Bakirov.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Kursiv Uzbekistan Yandex Uzbekistan Express24 aktivlarining bir qismini sotib olishi haqida xabar bergan edi.