Rossiyada yana to‘rt nafar mahkum qamoqdan qochdi
Rossiyada Nerchinsk shahridagi 1-sonli axloq tuzatish markazidan to‘rt nafar mahkum qochdi. Bu haqda viloyat Jazoni ijro etish federal xizmati ma’lumotlariga tayanib, RBK nashri xabar berdi.
Qayd etilishicha, ulardan ikki nafari Chita va Amur viloyatida qo‘lga olingan.
«Jismoniy kuch va maxsus vositalar qo‘llanilmadi. Hozirda mahkum Nerchinsk shahridagi axloq tuzatish markazining qoidabuzarlar uchun ajratilgan xonasiga olib ketilmoqda», – deyiladi boshqarma xabarida.
Mazkur holat yuzasidan tergov boshqarmasi tomonidan Rossiya Jinoyat kodeksining 293-moddasi (mansabdor shaxsning o‘z vazifalariga nisbatan vijdonsiz yoki ehtiyotsiz munosabatda bo‘lishi, beparvolik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda. Qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi yakunlari bo‘yicha aybli deb topilgan mansabdorlarga nisbatan 7 yilgacha qamoq jazosi tayinlanishi mumkin.
«Nerchinskda joylashgan axloq tuzatish markazi rahbariyati va xodimlari so‘roq qilinadi. Tergovchilar mahkumlarning yashash sharoitlarini tartibga soluvchi hujjatlarni va ularning muassasada qanday nazorat qilinganini o‘rganadi», – deyiladi boshqarma xabarida.
Ma’lumotlarga ko‘ra, mahkumlar koloniya tartibbuzarlar xonasida bo‘lgan va hech qanday qarshiliklarsiz muassasadan chiqib ketgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Kursiv Uzbekistan Lipetskdagi jazoni ijro etish koloniyasidan o‘zbekistonlik mahkumlar qochib ketgani haqida xabar bergan edi.