LinkedIn tarmog‘ida SI yordamchi paydo bo‘ladi
LinkedIn ijtimoiy tarmog‘ida Hiring Assistant (ingliz tilidan – ishga qabul qilish bo‘yicha yordamchi) deb nomlangan sun’iy intellekt (SI) vositasi paydo bo‘ladi. Bu haqda platforma operatori xabar berdi.
SI-yordamchi bo‘sh ish o‘rinlariga mos keladigan nomzodlar ro‘yxatini tuzish, eng yaxshilarini aniqlash, suhbat va uchrashuvlar rejasini tayyorlash imkoniyatiga ega bo‘ladi. Shuningdek, Hiring Assistant HR-mutaxassislarga ishga qabul qilish strategiyasini ishlab chiqishda tavsiyalar beradi.
«LinkedIn’ning yangi Hiring Assistant yordamchisidan foydalanib, takrorlanuvchi ma’muriy vazifalarni soddalashtirish orqali biz ishga qabul qilish guruhlariga nomzodlarni shaxs sifatida yaxshiroq bilib olishga e’tibor qaratish imkoniyatini bera olamiz», – deydi Canva servisining iste’dodlarni jalb qilish bo‘yicha rahbari Amy Schultz.
Ma’lumot uchun, LinkedIn – ish bo‘yicha aloqalarini o‘rnatish uchun mo‘ljallangan Amerika ijtimoiy tarmog‘i hisoblanadi. Hozirgi vaqtda LinkedIn’da taxminan bir milliard foydalanuvchi ro‘yxatdan o‘tgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Kursiv Uzbekistan Google va Volkswagen haydovchilar uchun AI yordamchisini ishga tushirgani haqida xabar bergan edi.