Apple’ning daromadi 6 foizga oshdi
28-sentabr kuni yakunlangan moliyaviy yilning to‘rtinchi choragida Amerikaning texnologik giganti Apple’ning daromadi $94,9 milliardni tashkil etdi. Bu o‘tgan yil mos davriga nisbatan 6 foizga ko‘p, deya ma’lum qildi kompaniya.
«Ushbu chorakda biz oʻzimizning eng yaxshi mahsulotlarimizni, jumladan, iPhone 16 seriyasi, Apple Watch Series 10, AirPods 4 (…) kabi mahsulotlarni taqdim etishdan mamnun boʻldik. Bu hafta biz sun’iy intellekt sohasida maxfiylikning yangi standartini oʻrnatadigan Apple Intelligence platformasining birinchi versiyasini chiqardik», – deya kompaniya bosh direktori Tim Kukning soʻzlari keltirilgan xabarda.
Apple kompaniyasining soʻnggi moliyaviy chorakdagi asosiy faoliyatdan tushgan pul oqimi deyarli $27 milliardni tashkil etdi.
Kompaniya direktorlar kengashi 14-noyabr kuni dividend toʻlash toʻgʻrisida qaror qabul qildi. Bir aksiya uchun toʻlanadigan dividend miqdori 0,25 dollarni tashkil etadi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Apple yangi Mac Mini’ni taqdim etgani haqida yozgan edi.