Xalqaro qidiruvda boʻlgan ikki nafar Oʻzbekiston fuqarosi Rossiyada qoʻlga olindi
Rossiyaning Leningrad viloyatida xalqaro qidiruvda boʻlgan ikki nafar Oʻzbekiston fuqarosi qoʻlga olindi. Bu haqda «47 kanal» xabar bermoqda.
Oʻzbekiston fuqarolaridan biri Pigelevo qishlogʻida qoʻlga olingan. 39-yoshli erkak 2023-yil may oyida ikki fuqaroning ishonchiga kirib, firibgarlik yoʻli bilan ularning pullarini olgan va shaxsiy manfaatlariga ishlatib yuborgan.
U joriy yilning avgust oyida qidiruvga berilgan. Firibgarga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi tayinlangan.
Yana bir holatda qidiruvda boʻlgan shaxs Pudost qishlogʻida qoʻlga olingan. Aniqlik kiritilishicha, 2023-yilning iyul oyida 22-yoshli yigit tanishi bilan janjallashib qolgan. Oʻzaro janjal davomida fuqaroga oʻrtacha ogʻirlikdagi tan jarohati yetkazgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Rossiyada noqonuniy migratsiyani tashkil etish uchun jazo kuchaytirilgani haqida xabar bergan edi.