2025-yilda pensiya va ish haqi qanchaga ko‘tariladi

eʼlon qilindi ( yangilandi)
Kelgusi yil uchun inflyatsiya prognozi 7 foizni tashkil qiladi
Foto: photography33 / depositphotos

2025-yilda ish haqi, pensiya va nafaqalarni inflyatsiya darajasidan past bo‘lmagan miqdorda oshirish rejalashtirilmoqda. Bu haqda budjetnoma loyihasida ma’lum qilindi.

Ma’lumot uchun kelgusi yil uchun inflyatsiya prognozi 7 foizni tashkil qilmoqda.

Iqtisodiyot va moliya vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, ish haqini 1 foizga qo‘shimcha oshirish uchun yiliga 1,5 trln so‘m, pensiyalarni 1 foizga oshirish uchun esa 730 mlrd so‘m talab etiladi.  

Iqtisodchi Otabek Bakirov ish haqini oshirish 2024-yildagi kabi IV chorakda emas, birinchi yarim yillikda amalga oshirilishi mumkinligini taxmin qilmoqda.

«Budjet xarajatlari tarkibida ish haqi (ijtimoiy soliqlar bilan) ulushi kelasi yilga biroz o‘sishi (9,0%dan, 9,5%gacha) ko‘rsatilgan. Ehtimolki, ish haqi bu yilgidek yilning to‘rtinchi choragida emas, birinchi yarmida indeksatsiya qilinadi», – dedi iqtisodchi.

Ma’lum qilinishicha, pensiya oluvchilar soni 4,1 mln kishidan 4,3 mln kishiga pensiya ta’minotiga sarflanadigan xarajatlar esa 64,1 trln so‘mdan 75 trln so‘mgacha yoki 17 foizga oshishi kutilmoqda. O‘rtacha pensiya miqdorining o‘sishi 11,7 foiz darajasida bo‘lishi prognoz qilingan.

Shuningdek, kelgusi yilda ish haqi, pensiya va nafaqalar miqdorini oshirish xarajatlari uchun 6,63 trln so‘m yo‘naltirilishi rejalashtirilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Kursiv Uzbekistan pensiya tayinlash uchun onlayn ariza qanday yuborilishi haqida xabar bergan edi.

Shuningdek