O‘zbekiston filmi xalqaro kinofestivalda g‘olib deb topildi
3-noyabr kuni Rossiyaning Krasnodar oʻlkasida boʻlib oʻtgan XX Xalqaro havaskor va professional filmlar «Molodoy kinovek» festivalining «Eng yaxshi badiiy film» nominatsiyasida Oʻzbekistonning «Konduktor» («Toshkentga yoʻl») filmi g‘olib deb e’lon qilindi. Bu haqda Madaniyat vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Film rejissyor Alisher Karimov, ssenarist va operator Umid Malikov hamda prodyuser Baxtiyor Salaydinov ijodiy guruhi tomonidan yaratilgan. «Konduktor» filmi Oliy ta’lim vazirligi hamda Toshkentdagi VGIK filiali tomonidan qoʻllab-quvvatlangan beshta qisqa metrajli filmlardan biri hisoblanadi.
Kinofestivalga Rossiya, Belarus, Qozogʻiston, Hindiston va boshqa mamlakatlardan jami 500 dan ortiq ariza tushdi. Ishlar 15 ta nominatsiya boʻyicha baholandi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan «Ipak yo‘li» xalqaro kinofestivalida «O‘zbek kinosi kunlari» bo‘lib o‘tishini yozgan edi.