Koʻp qavatli uylar yaqinida elektromobillarni quvvatlash stansiyalari oʻrnatiladi
1-noyabr kuni Vazirlar Mahkamasi tomonidan Oʻzbekistonda elektromobillarni quvvatlash stansiyalari sonini koʻpaytirish toʻgʻrisida qaror qabul qilindi.
Qarorga koʻra, 2025-yil 1-fevraldan boshlab davlat organlari, savdo va biznes markazlari, dam olish maskanlari, xalqaro va davlat ahamiyatidagi avtomobil yoʻllari boʻyidagi toʻxtash joylarining kamida 5 foizi elektr transport vositalarini quvvatlantirish stansiyalari bilan jihozlash belgilandi.
Shuningdek, koʻp qavatli uylar yaqinida, jumladan, ularga eng yaqin avtoturargohlarda maksimal quvvati 22 kVt boʻlgan stansiyalarni oʻrnatish rejalashtirilgan.
Umumiy hisobda 2025-yil oxirigacha Oʻzbekiston boʻylab 32,4 mingta shunday stansiyalarini oʻrnatish rejalashtirilgan. Davlat mulkida boʻlgan boʻsh yer maydonlarida stansiyalarni oʻrnatish uchun joylar «K-Savdo» tizimi orqali auksionga qoʻyiladi.
Avvalroq «Kursiv» Oʻzbekistonga sakkiz oy ichida deyarli 13 mingta elektromobil import qilingani haqida xabar bergan edi.