Azizbek Urunov: AQShning roziligi O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lish bo‘yicha muzokaralarni tezlashtirishi mumkin
AQSH bilan muzokaralarning yakunlanishi Oʻzbekistonni Jahon savdo tashkilotiga yanada yaqinlashtirdi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyevning JST masalalari bo‘yicha maxsus vakili Azizbek Urunov Toshkentda o‘tayotgan «Yevropa iqtisodiy kunlari – 2024» forumida ma’lum qildi.
Uning soʻzlariga koʻra, endi boshqa davlatlar bilan boʻlayotgan muzokaralar ham tezroq yakunlanishi kutilmoqda.
Urunovning so‘zlariga ko‘ra, rivojlangan davlatlar o‘zlariga qanday talablar qo‘ysa, rivojlanayotgan davlatlarga ham xuddi shunday talablar qo‘yayotgani muzokaralarni murakkablashtirmoqda.
Uning soʻzlariga koʻra, tashkilotga yaqinda a’zo boʻlgan davlatlar bilan muzokaralar tezroq yakunlanadi.
Eslatib oʻtamiz, Oʻzbekiston AQSH bilan JSTga a’zo boʻlish boʻyicha muzokaralarni noyabr oyi boshida yakunlagan edi. Tomonlar oʻrtasidagi muloqot 14 oy davom etdi, Qoʻshma Shtatlar Oʻzbekistonning ushbu tashkilotga kirishini ma’qullagan 21-davlat boʻldi.
Avvalroq «Kursiv» O‘zbekiston 2026-yil oxirigacha JSTga a’zo bo‘lishni rejalashtirayotgani haqida yozgan edi.