Majburiy ijro byurosi mansabdor shaxslarning deyarli 203 mlrd so‘mlik qonunbuzilishlari fosh etildi
Majburiy ijro byurosining mansabdor shaxslari tomonidan 202,9 mlrd so‘mlik 200 ta ijro ishida qonunbuzilishi holatlariga yo‘l qo‘yilgan. Bu haqda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, holat Toshkent shahri Shayxontohur tuman MIB bo‘limi mansabdor shaxslari tomonidan sodir etilgan.
Byuroning tuman bo‘limi ish yurituvida bo‘lgan «S.B» MCHJdan davlat foydasiga 19 mlrd so‘mlik, «P.P» MCHJdan 179,2 mln so‘m soliq qarzdorligini undirish to‘g‘risidagi ijro ishlari qonunchilik talablariga zid ravishda asossiz tugatilgan.
Bundan tashqari, «SCG» MCHJ dan 26,3 mlrd so‘m, «R.F.P.» MCHJdan 19,4 mlrd so‘m va «Ya.M.S.E.T» MCHJdan 1,7 mlrd so‘m davlat foydasiga soliq qarzdorliklarini undirish to‘g‘risidagi ijro ishlari mazkur korxonalar faoliyat yuritib kelayotgan manzili aniq bo‘la turib, asossiz tamomlangan.
Shu kabi yana bir necha holatlarda, aybdorlar tomonidan ijro ishlarini asossiz yakunlanishi oqibatida deyarli 10 mlrd somlik zarar yetkazilgan.
Mazkur holatlar yuzasidan Toshkent shahar prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Kursiv Uzbekistan Toshkent viloyati Qibray tumanida MIB xodimi pora bilan qo‘lga tushgani haqida xabar bergan edi