Suv resurslaridan foydalanish bo‘yicha strategik reja ishlab chiqiladi

eʼlon qilindi
Reja 2030-yilga qadar davrni o‘z ichiga oladi
Foto: President.uz

Shavkat Mirziyoyev raisligida qishloq xo‘jaligida suv va energiya manbalaridan samarali foydalanish, yo‘qotishlarni kamaytirish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, yig‘ilishda ekologik vaziyat, suv tanqisligi xavfi va bu boradagi choralar muhokama qilindi.

Bugungi kunda mamlakatimizda suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish, bu ne’matni asrash bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. Misol uchun, 550 kilometr kanal va ariqlarni betonlash orqali yiliga 450 mln kub metr suv tejaldi, shu bilan birga fermerlar va klasterlar tomonidan 13 ming kilometr ichki tarmoq betonlandi. Suv boshqaruvi tizimining isloh qilinishi natijasida, yerga yetkaziladigan suv ikki barobar ko‘paydi.

Biroq, hali yechimini kutayotgan muammolar mavjud. O‘rtacha suv xarajati respublika bo‘yicha 212 so‘mni tashkil qilsa, ayrim viloyatlarda bu ko‘rsatkich 2-3 barobar yuqori. Yig‘ilishda suv tannarxini kamaytirish, betonni kengaytirish va suv resurslarini tejash choralari muhokama qilindi.

2025-yilga kelib, nasoslar samaradorligini oshirish, energiya manbalarini diversifikatsiya qilish maqsadida xususiy sektor bilan hamkorlik qilish vazifasi belgilandi. Shuningdek, quyosh energiyasidan foydalanish orqali elektr energiyasini tejash va qo‘shimcha daromad olish bo‘yicha tajribalar kengaytirilishi ta’kidlandi.

Yig‘ilishda ekologik barqarorlikni ta’minlash, 2030-yilgacha bo‘lgan strategik reja ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonning har bir tuman va shahrida «Jasorat maktablari» tashkil etilishi haqida yozgan edik.

Shuningdek