Oʻzbekistonning oltin-valyuta zaxiralari $43 milliarddan oshdi

eʼlon qilindi
Xorijiy valyutadagi zaxiralar ham sezilarli oshib, oktabr oyi oxiriga $9,22 milliardga yetdi
Foto: Unsplash

2024-yilning 1-noyabr holatiga koʻra, Oʻzbekiston oltin-valyuta zaxiralari $43,14 milliardga yetdi. Bu haqda Markaziy bank axborot xizmati xabar berdi.

Oktabr oyi davomida Oʻzbekistonning xalqaro aktivlari $2 milliarddan koʻproqqa yoki 5 foizga oshdi. Bu oʻsish, asosan, oltin zaxiralarining yuqori tempda oʻsishi bilan bogʻliq.

Oltinning qiymati yana bir rekordga erishib, $33,36 milliardga yetdi, bu oʻtgan oyga nisbatan $1,5 milliardga koʻp. Zaxiralardagi oltin hajmi esa 12 million troya unsiya (373 tonna) darajasida saqlanib qoldi.

«Yalpi xalqaro zaxiralari 2024-yilning oktabr oyida $2,0 milliardga oshdi. Xususan, oltin narxining $2650,15 dan $2779,40 gacha koʻtarilishining ta’siri $1,55 milliardni tashkil etdi», – deyiladi regulyator hisobotida.

Shuningdek, xorijiy valyutadagi zaxiralar ham sezilarli oshib, oktabr oyi oxiriga $9,22 milliardga yetdi. Oʻz navbatida, markaziy bankning xorijiy hisobvaraqlaridagi naqd valyuta hajmi $445,5 millionga koʻpaydi va $9,11 milliardga yetdi. Bundan tashqari, bankning qimmatli qogʻozlarga sarmoyasi bu oyda yanada oʻsib, $100 milliondan ortiq boʻldi (+$65,2 mln).

Avvalroq «Kursiv» Oʻzbekistonda yil boshidan beri oltin narxi deyarli 40 foizga oshgani haqida xabar bergan edi.

Shuningdek